Jarima maydoniga joylashtirildi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida joylashgan “D.A.F” korxonasi Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining qarorlari asosida jami 123,5 mln so‘m soliq qarzini undirish bo‘yicha 9 ta ijro hujjatlari asosida ijro harakatlariga uchradi. Qarzdorga ijro hujjatlari talabini ixtiyoriy ravishda bajarish uchun belgilangan muddat berilgan va uning bajarmaslik oqibatlari to‘liq tushuntirilgan.
Biroq qarzdor belgilangan muddatda qarzini qoplamadi. Shu bois, korxonaga tegishli “BYD” rusumli elektromobil xatlanib, maxsus jarima maydoniga joylashtirildi. Hozirda mazkur xatlangan mulkni baholash va auksion savdosiga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Byuroning Guliston tuman bo‘limi boshlig‘i Dostonbek Husanovning ta’kidlashicha, bu kabi choralar faqatgina ijro hujjatlari talabini ta’minlash bilan cheklanmaydi, balki qonuniy ravishda davlat soliq qo‘mitasi nazoratida qarzdorlarning moliyaviy intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Maqsadimiz faqat jazo qo‘llash emas, balki korxonalarning o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashdir, – deydi Dostonbek Husanov.
Sirdaryo viloyatida soliq qarzdorlariga nisbatan shunga o‘xshash choralar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Bunda birinchi navbatda ularga ijro hujjatlari talabini ixtiyoriy bajarish imkoniyati beriladi, bajarmaslik holatlari uchraganda esa qonun talablari qat’iy qo‘llanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA