Janubning eng jasoratli yosh jamoalari saralandi
Surxondaryo viloyatidagi “Jasorat maktablari”ning 5-9 sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bellashuvning tantanali ochilish marosimida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Toshpo‘latov hamda hamkor tashkilotlar vakillari musobaqaning yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda ularning jasorat, intizom va boshqa fazilatlarini yuksaltirishdagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi. Ishtirokchi jamoalarga omad tiladi.



“Jasorat maktabi” o‘quvchilarini jismonan sog‘lom, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan musobaqada 8 nafar o‘quvchidan iborat jamoalar saf tayyorgarligi, tibbiy tayyorgarlik, robototexnika, huquqiy savodxonlik, milliy sport o‘yinlari kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Intizom va hamjihatlikni, tezkor yordam ko‘nikmalari, zamonaviy texnologiyalarga innovatsion yondashuvi, huquqiy savodxonlik bo‘yicha bilim va tafakkuri, jismoniy epchilligini keng namoyish etdi.


Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan bellashuvda faxrli birinchi o‘rinni Uzun tumanidagi 70-maktab jamoasi qo‘lga kiritib, kubok, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan Denov tumanidagi 100-maktab hamda Termiz shahridagi 17-maktab jamoalariga maxsus diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri