Tiniq tuyg‘ular kuychisi
Navoiy davlat universitetida taniqli adib va publitsist O‘tkir Rahmatning “Saylanma” asarining IV tomi taqdimoti munosabati bilan “Tiniq tuyg‘ular kuychisi” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet rektori vazifasini bajaruvchi, professor Muhiddin Kalonov ochib, O‘tkir Rahmatning ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati, uning o‘zbek jurnalistikasi va adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar adibning asarlari, publitsistik maqolalarida jamiyatdagi dolzarb masalalar, ma’naviy qadriyatlar va zamon ruhi o‘z aksini topganligini alohida qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, adib ijodida hayotiylik, samimiyat va xalq dardini chuqur his etish kabi fazilatlar yaqqol namoyon bo‘ladi.Uning asarlari xolislik, aniq fikr va ta’sirchan uslub bilan ajralib turadi. Ayniqsa, inson qalbining nozik tuyg‘ulari, Vatanga muhabbat va hayot haqiqatlarining mahorat bilan ifodalanishi har bir o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
[gallery-28750]
Ijodiy kecha davomida talabalar tomonidan adibning she’rlaridan namunalar o‘qildi. Bu chiqishlar tadbirga ruhiy zavq bag‘ishlab, ishtirokchilarda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Shuningdek, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib, ijod va jurnalistika borasida muhim tavsiyalarga ega bo‘ldi.
Tadbir so‘nggida mehmonga samimiy minnatdorlik bildirilib, bunday uchrashuvlar yosh avlodni tarbiyalashda, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitishda beqiyos ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda O‘tkir Rahmatga Navoiy davlat universitetining “Faxriy professori” ilmiy unvoni topshirildi. Bu esa adibning ijodi va jamiyatdagi o‘rniga berilgan yuksak e’tirof bo‘ldi.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbiri