Jamiyat – islohotlar tashabbuskori
Bugungi kunda Toshkent viloyati nafaqat mamlakatimizning industrial markazi, balki fuqarolik jamiyati institutlari eng jadal rivojlanayotgan hududlardan biriga aylanmoqda. Davlat boshqaruvi tizimiga jamoatchilik nazoratini joriy etish va "Inson — jamiyat — davlat" tamoyilini hayotga tatbiq etishda viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va mahallalarning o‘rni beqiyos.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi.

Xususan, Toshkent viloyati bo‘yicha hozirgi kunda 800 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular asosan ijtimoiy himoya, ekologiya, huquqiy savodxonlik va yoshlar masalalari bilan shug‘ullanmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida viloyatdagi ijtimoiy ahamiyatga molik 10 dan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat grantlari sifatida 1 milliard 200 million so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Viloyatdagi 883 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bugungi kunda davlat organlari va aholi o‘rtasidagi eng asosiy bog‘lovchi bo‘g‘inga aylandi.

O‘z navbatida hududda "Jamoatchilik eshituvlari" va "Jamoatchilik nazorati" mexanizmlaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish maqsadida tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu jarayonda viloyat hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, deputatlar tomonidan yo‘l qurilishi, ichimlik suvi ta’minoti va maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilayotgan o‘rganishlar ko‘plab tizimli muammolarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, "Mahallabay" ishlash tizimi doirasida NNTlarning jalb etilishi, hududdagi ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashda shaffoflikni ta’minlamoqda. Viloyatda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilmoqda. Jamoat tashkilotlari, xususan, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab quvvatlash markazining viloyat bo‘limi tomonidan viloyatda o‘tgan yili 14 ming 547 nafar ayol va yosh kasb-hunarga o‘qitildi va imtiyozli kreditlar olishda huquqiy yordam ko‘rsatildi. Xususan, ularning 1 ming 103 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, 6 ming 605 nafari o‘zini-o‘zi band qildi, 3 ming 755 nafarining rasmiy bandligi ta’minlandi.

Ekologik tashabbuslar, jumladan, "Yashil makon" loyihasi doirasida viloyatdagi ekologik NNTlar va faol yoshlar tomonidan birgina mavsumda yuz minglab daraxt ko‘chatlari ekilishi nazorat qilindi. volontyorlik guruhlari ishtirokida ko‘plab plogging va ekoaksiyalar o‘tkazildi. Shuningdek, nodavlat ta’lim muassasalari va markazlari sonining ortishi davlat maktablariga bo‘lgan yuklamani kamaytirish bilan bir qatorda, sifatli ta’lim raqobatini yuzaga keltirdi. Jumladan, O‘zbekiston ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirish assotsiatsiyasi tomonidan 2021-2025-yillarda tashkilot turli davlat va nodavlat tashkilotlardan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ jalb qildi hamda bu mablag‘lar hisobidan bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Albatta, sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham yo‘q emas. Ba’zi tumanlarda jamoatchilik nazorati hali ham past darajada qolmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning qonun ijodkorligidagi ishtirokini yanada kengaytirish lozim.
Toshkent viloyati misolida ko‘rishimiz mumkinki, fuqarolik jamiyati institutlari davlat boshqaruviga nafaqat ko‘makchi, balki uning samaradorligini belgilovchi asosiy kuchga aylandi. Bu mexanizm davlat idoralari faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiya xavfini kamaytirish va qaror qabul qilish jarayonlarida jamoatchilik fikrini hisobga olish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, OAV, blogerlar va fuqarolik institutlari faolligi oshgani sari muammolar tezroq aniqlanib, ularga yechim topish jarayoni ham jadallashmoqda. Xalq ovozi baland eshitilib, davlat boshqaruvida adolatlilik va xalqchillik bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Muhimi, hududimiz bu yo‘lda nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy demokratiya markazi sifatida ham o‘z o‘rnini mustahkamlab boraveradi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomalarida ilgari surilgan "Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari" tamoyili Toshkent viloyati misolida nafaqat shior, balki real amaliyotga aylanmoqda.
Shoira Axunjonova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Toshkent viloyat hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi.
O‘zA