Jadidlarning matbuot haqida aytgan fikrlari bugun ham dolzarb
Jadidlar va milliy matbuot. O‘zbek matbuotining shakllanishi bevosita taraqqiyparvar bobolarimizning zahmatli faoliyati, matonati, yurtparvarligi, fidoyiligi bilan bog‘liq. O‘z davrining jarchisi bo‘lgan bu nashrlar odamlarda milliy o‘zlik tuyg‘ularini qaror toptirish, xalqni, o‘lkani zalolat botqog‘idan xalos etishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlagani bilan diqqatga sazovor. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, atoqli olima, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.
–Ma’lumki, o‘zbek milliy matbuotining shakllanishi ma’rifatparvar jadid bobolarimiz faoliyati bilan bevosita bog‘liq. O‘z davrida taraqqiyparvar ziyolilar vaqtli nashrlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda qanday g‘oyalarni ustuvor bilgan? Qolaversa, Turkiston o‘lkasi, xalqi uchun o‘ta og‘ir sanalgan o‘sha davrlarda vaqtli matbuotning nashr etilishi nimalar evaziga yo‘lga qo‘yilgan?
– Bugun biz hayotimizni O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘layotgan voqealar haqidagi yangiliklarsiz, axborotlarsiz tasavvur qila olmaymiz. Bundan tashqari, hammamiz davlat – jamiyat – inson masalasi yoritiladigan ilmiy-ommabop maqolalar, tarixiy, badiiy, falsafiy va boshqa yo‘nalishda yozilgan katta-kichik asarlarni o‘qishga ehtiyoj sezamiz. Buning uchun bizga kitoblar, gazetalar, jurnallar va internet tarmoqlari eng yaqin yordamchi.
Qadimda Turon zaminida matbuot bo‘lmagan vaqtlarda savdo karvonlari, bozorlar, choyxonalar, karvonsaroylar, masjidlar, madrasalar va maktablar yangiliklar va axborotlar almashadigan joy bo‘lgan.

19-yuzyillik oxirida axborot almashinuv, yangiliklarni tarqatishning zamonaviy va qulay ko‘rinishi gazeta va jurnallar bo‘lib, bu davrda ularning soni ko‘paydi va ommalashdi. Jadid bobolarimiz dastlab Hindiston, Eron, Turkiya, Misr, Afg‘oniston, Rossiya hamda uning mustamlaka hududlarida chop qilingan gazeta va jurnallarning obunachilari bo‘ldi va nashrlar bilan muntazam tanishib bordi. Turkistonda ham gazeta va jurnallar tashkil qilish zarurati mavjudligini anglagan holda uni tashkil qilishning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy choralarini ko‘rdi. Mustamlakachilar milliy matbuotga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgani uchun gazeta asoschilariga turli vaj va bahonalar ko‘rsatib, gazeta tashkil qilinishini atayin orqaga surishga harakat qilganlarini tarixiy manbalar tasdiqlaydi.
Turkistonda milliy matbuotga asos solish uchun birinchilardan bo‘lib harakat qilgan taraqqiyparvar – Munavvarqori Abdurashidxonov bo‘ladi. Uning matbuot sohasidagi ilk faoliyati 1906-yili Rossiya imperiyasi Sirdaryo viloyati gubernatori I.Geyer muharrirligidagi “O‘rta Osiyo umrguzorligi, taraqqiy” gazetasida boshlangan. Munavvarqori Abdurashidxonovning “Nikoh to‘g‘risida” va boshqa maqolalari chop etilgan ushbu gazeta Turkiston general-gubernatorligi buyurtmasi asosida chiqqan bo‘lib, 17 ta soni chiqib to‘xtab qolgan. Shundan so‘ng, Munavvarqori Abdurashidxonov milliy matbuotga asos solishga qaror qiladi. Gazeta ta’sischisi oldiga qo‘yilgan talablardan biri rus tilini bilish bo‘lgani uchun yangi tashkil etayotgan gazetasi – “Taraqqiy”ga rus tilini yaxshi egallagan Ismoil Obidiyni muharrirlikka taklif qiladi.
Keyin ham gazeta va jurnallarni tashkil qilish bo‘yicha jadidlar tomonidan taqdim qilingan arizalar oylab, yillab imperiyaning sohaga tegishli idoralarida qolib ketgan. Qayta-qayta murojaatlar qilib, ruxsat olganlarida esa, ularning senzuralari ta’qibidan qutula olmaganlar.
Umuman olganda, Rossiya imperiyasining mustamlakasi ostida bo‘lgan Turkistonda jadidlarning milliy matbuotga asos solishlari juda noyob hodisa edi va taraqqiyparvar bobolarimiz buni uddasidan chiqqan.
– Jadidlar o‘z davrida ko‘plab gazeta va jurnallarni tashkil etgan bo‘lsalar-da, ushbu nashrlar faoliyati hech qancha vaqt o‘tmay to‘xtab qolavergan. Sizningcha, bunga nima sabab bo‘lgan?
–Turkiston jadidlarining ilk milliy gazetasi – “Taraqqiy”ning bosh g‘oyasi mustamlakachilikdan ozod bo‘lish va bosh maqsadi millatni taraqqiy ettirish edi. Bu esa, o‘z navbatida, Rossiya imperiyasining Turkistondagi mustamlakachilik siyosatiga zid bo‘lib, tez orada uning faoliyatiga chek qo‘yilgan. Munavvarqori Abdurashidxonov bosqinchi hukumatning qarshiligi oldida taslim bo‘lmagan. Qisqa muddatdan so‘ng “Xurshid” gazetasiga asos solgan. Bu gazeta ham ta’qib ostida bo‘lgani uchun atiga ikki oy davomida faoliyat olib borgan. Rossiya imperiyasi hukumati maxsus yollagan ayg‘oqchilari orqali 1906-yili Abdulla Avloniy muharrirligida chiqqan “Shuhrat” va 1907-yili Saidkarimboy Saidazimboy muharrirligida chiqqan “Tujjor” gazetalariga ham Munavvarqori Abdurashidxonov zimdan rahbarlik qilgan, degan xulosaga kelgan. Bu gazetalar faoliyati ham tez orada to‘xtatilgan. Qariyb 7 yil davomida Turkiston mintaqasida jadidlarning gazeta yoki jurnal tashkil qilishlariga ruxsat berilmagan. Faqat 1912-yilga kelib Buxoro jadidlari amirlikda “Buxoroyi sharif” va “Turon” gazetalarini chop qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Oradan bir yil o‘tib, 1913-yili Mahmudxo‘ja Behbudiy “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnaliga, 1914-yili Obidjon Mahmudov “Sadoyi Farg‘ona”, Ubaydulla Xo‘jayev “Sadoyi Turkiston” gazetalariga asos solgan. 1906-1918-yillari Turkiston jadidlari 50 ga yaqin gazeta va jurnallar chop qilganlar hamda ularda Turkistonga oid siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy mavzularni yoritganlar.
Siyosiy mavzudagi maqolalarda milliy ozodlik g‘oyalari, insonlarning haq-huquqlari, saylov masalasi, muxtoriyatchilik va jadidlarning siyosiy qarashlari o‘rin olgan. Iqtisodga oid maqolalarda banklar faoliyati, ekin, savdo, sanoat, iqtisodiy jamiyatlar tuzishga oid ma’lumotlar berilgan. Gazeta va jurnallarda eng ko‘p yoritilgan masala ijtimoiy hayotga oid bo‘lib, sog‘liqni saqlash, ta’lim, din, ijtimoiy himoya, aholining turmush tarzi, oilaviy marosimlar, milliy bayramlar, madaniy meros va hokazolar yoritilgan.
Rossiya imperiyasi gazeta va jurnallarni kuzatib borib, turli bahonalar bilan ularning faoliyatini to‘xtatish bilan shug‘ullanganlar. Nega bosqinchilar milliy matbuotga qarshilik qildi? Nega gazeta va jurnallar faoliyatini to‘xtatib bordi? Eng asosiy sababi – gazeta va jurnallarga Turkiston ozodligining g‘oyaviy kurashchilari bo‘lgan jadidlar asos soldilar. Matbuot sahifalarida hurriyat, ozodlik, adolat, birlik haqida chiqishlar qildilar. Millatni taraqqiy etishga chaqirdilar. Milliy ozodlik uchun jipslashishga, birlashishga da’vat qildilar. Bu fikrlar Rossiya imperiyasini xavotirga solmasligi mumkin emas edi. Ularni jadid maktablari, jadid teatrlari qanchalik sarosimaga solgan bo‘lsa, milliy matbuot ham bundan kam bo‘lmagan.
– Millatimiz oydinlarining oradan 150 yil o‘tib milliy jurnalistika va umuman, yurtimiz ma’naviy hayoti uchun hamon dolzarb bo‘lib turgan g‘oyalari, shiorlari haqida nimalar aytgan bo‘lar edingiz?
– Jadidlar xalqimizga matbuotning kuchini so‘zlari va amallari bilan ko‘rsata olganlar. Taraqqiyparvarlardan Ibrohim Tohiriy matbuot haqida “Bir xalqning matbuoti o‘shal xalqning ko‘nglida yoshiring‘on, ko‘kragida saqlangan tilaklarini, orzularini eng ochiq suratda ko‘rsatadurgan oynasidur. Bir xalqning matbuoti o‘shal xalqning o‘tgani, kelajagi va ando o‘lg‘an va o‘lajaq umidlarini, farzlarini, yo‘llarini, qayg‘ularini so‘zlaydurg‘on bir tildur”, degan bo‘lsa, jadidchilik milliy harakatining samarqandlik yirik namoyandasi Hoji Muin “Matbuot elning tili, xalqning yo‘lboshchisi va turmushning oynasidir”, deb ta’riflagan. Abdulhamid Cho‘lpon esa “Dunyoda besh kuchlik davlat bo‘lsa oltinchisi, oltita bo‘lsa yettinchisi matbuotdir”, deb matbuotning mavqeini davlat (hokimiyat) darajasiga ko‘targan.
Shuningdek, jadidlar matbuotchilik, muxbirlik ishi bilan shug‘ullanadiganlarga jiddiy talablar qo‘ygan. Muxbir xalq xodimi ekanini ta’kidlab, masalani har tomonlama o‘rganib hal qilishi kerakligi, o‘zining shaxsiy hislarini, xususiy qarashlarini aralashtirib yubormasligi lozimligini, haqiqatni yozishi shartligini uqtirganlar. Fikrimning dalili sifatida Buxoro jadidchilik harakatining yirik vakili Qori Yo‘ldosh Po‘latov jurnalchilar, gazetachilar, muxbirlarga qarata aytgan ushbu fikrini aytishim lozim: “Muxbir – haqiqatparvar. U hech nimadan qo‘rqmasdan haqiqatni ustiga chiqaradur. Gazeta haqiqatni hech kimdan qo‘rqmasdan yozgan muxbirini zarur bo‘lgan fursatda muhofaza qila olur. Esdan chiqmasunkim, muxbirlik oliy va muqaddas vazifa, xalqqa xizmat qilishdur”.
Xulosa qilib aytganda, jadidlarning matbuot haqida, matbuot sohasi xodimlari haqida aytgan fikrlari bugungi kunda ham muhim va dolzarb bo‘lib, birinchi navbatda matbuot xodimi vatanparvar bo‘lishi kerak. Faoliyati davomida esa adolat, haqiqat, to‘g‘riso‘zlik tamoyillariga tayanishi shart.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova suhbatlashdi.