Toshkentda ijtimoiy xizmatlar rivojlantirilmoqda
Toshkent shahrida aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi loyihalar taqdim etildi.
O‘rganishlar davomida protez-ortopediya mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi, yangi tashkil etilishi rejalashtirilayotgan hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan yangi ijtimoiy xizmatlar bilan tanishildi.
Dastlabki manzil “Ortonova” MCHJ bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan protez-ortopediya mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi va moslashtirish markazi bo‘ldi. Mazkur korxonada har yili 1000 dan ortiq protez-ortopediya mahsulotlari ishlab chiqarilib, 50 nafardan ziyod ehtiyojmand fuqaroga tayyor mahsulotlarni moslashtirish xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi loyihasi bilan ham tanishildi. Yangi markaz poytaxtdagi Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlaridagi 13 ta mahalla aholisiga xizmat ko‘rsatishi, har yili qo‘shimcha ikki mingdan ortiq fuqaroni ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olishi kutilmoqda.
Bundan tashqari Chilonzor tumanida nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan, aqliy rivojlanishida nuqsonlari yoki demensiya tashxisi qo‘yilgan fuqarolar uchun tashkil etilishi rejalashtirilayotgan yangi xizmatlar taqdimoti ko‘rib chiqildi.
Loyiha doirasida rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan 1-3 yoshli bolalar uchun “Erta aralashuv” xizmati hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kundalik hayotga faol jalb etishga qaratilgan “Yangi kun” xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanganidek, bunday tashabbuslar ijtimoiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish, ularning sifati va samaradorligini oshirish hamda ehtiyojmand aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA