Iste’molchi manfaati — ustuvor
Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov ishtirok etgan ushbu uchrashuvda dolzarb masalalar ochiq va tahliliy muhokama qilindi.
Muloqot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-oktabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi turdi. Ushbu hujjat doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar aniq belgilab olindi.
Uchrashuv davomida iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, aholi murojaatlarini tizimli ravishda o‘rganish va ularga tezkor, samarali yechim topish masalalariga alohida urg‘u berildi. Zero, bugungi kunda iste’mol madaniyatini yuksaltirish nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy barqarorlikning ham muhim omillaridan biriga aylanmoqda.

Alohida ta’kidlanganidek, Jizzax viloyat hokimligi tomonidan nodavlat notijorat tashkiloti hisoblangan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining hududiy birlashmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu e’tibor qog‘ozdagi va’dalar emas, balki aniq amaliy qadamlar bilan mustahkamlanmoqda.
Xususan, hududiy tuzilmalarning samarali ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ma’muriy binolar bilan ta’minlash kabi masalalar yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi. Bu esa, o‘z navbatida, tizimning “qog‘ozda emas, amalda ishlaydigan” mexanizmga aylanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev Federatsiya tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarning aholi manfaatlarini himoya qilishdagi ahamiyatini alohida qayd etar ekan, fuqarolar murojaatlarini chuqur va tizimli o‘rganish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda iste’mol madaniyatini oshirishga qaratilgan barcha loyihalarda doimiy hamkorlik ta’minlanishini bildirdi.
Uchrashuvda aniq vazifalar ustuvor bo‘ldi: viloyatda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator amaliy yo‘nalishlar belgilab olindi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri