Tadbirkorlik sub’ektiga qo‘llanilgan 123 million so‘m jarima bekor qilindi
Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan “K.S.” MCHJ rahbari qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Biznes ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Qashqadaryo viloyat transport boshqarmasi tomonidan jamiyat go‘yoki avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirganlikda ayblanib, BHMning 300 baravari – 123 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan. Vaholanki, tadbirkorda cheklanmagan muddatga berilgan amaldagi litsenziya mavjud bo‘lgan.
Shu sababli Biznes-ombudsman tomonidan mazkur jarima to‘g‘risidagi qarorni haqiqiy emas deb topish yuzasidan Qarshi tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritildi. Sud arizani qanoatlantirib, 123 million so‘mlik jarima qo‘llash haqidagi qarorni haqiqiy emas, deb topdi.
Bundan tashqari, viloyat transport boshqarmasi MCHJ litsenziyasini butunlay bekor qilish talabi bilan sudga murojaat qilgan. Nizoga jamiyatga tegishli ikki dona “Damas” avtomashinasining litsenziya varaqalari muddati o‘tgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Biroq o‘rganishlar davomida litsenziya varaqasini yangilash vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bazasi yangi serverga ko‘chirilayotgani, texnik nosozliklar tufayli my.gov.uz orqali ariza topshirish imkoni bo‘lmagani aniqlandi. Bu holat vazirlikning rasmiy xabarlari bilan tasdiqlangan. Tadbirkor tizim qayta tiklanishi bilan belgilangan muddatdan avval barcha kamchiliklarni bartaraf etib, litsenziya varaqalarini olgan.
Shuningdek, Transport nazorati inspeksiyasi hududiy bo‘limi tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmada kamchiliklarni bartaraf etish uchun 2025-yil 18-noyabrgacha muddat belgilangan. Tadbirkor ushbu talabni 2025-yil 10-noyabrning o‘zidayoq bajargan bo‘lishiga qaramay, oradan besh oy o‘tib transport boshqarmasi litsenziyani bekor qilish uchun sudga da’vo kiritgan.
Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilgan sud jarayonida Biznes-ombudsman devoni xodimi tomonidan taqdim etilgan dalillar asosida sudya J.Ibragimov boshqarmaning arizasini rad etish haqida adolatli qaror chiqardi.
Mazkur holat tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, asossiz jarimalar hamda noqonuniy cheklovlarning oldini olishda Biznes-ombudsman institutining muhim o‘rin tutayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri