Issiqxonalar uchun yangi talablar qo‘yilmoqda
Poytaxt mintaqasida faoliyat yuritayotgan issiqxona xo‘jaliklariga ekologik toza texnologiyalarga o‘tish sharti bilan ishini davom ettirishga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Bunda zamonaviy isitish uskunalarini o‘rnatish, zararli chiqindilarni filtrlash va atmosferaga chiqarilayotgan moddalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda.
So‘nggi vaqtlarda, ayniqsa, tungi paytda havo harorati keskin pasayib, shamolsiz ob-havo kuzatilganda atmosferada inversiya hodisasi yuzaga kelmoqda. Natijada ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanadigan issiqxonalardan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar havoda to‘planib, aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Yunusobod tumani aholisi havo sifati yomonlashgani va issiqxonalardan kelayotgan noxush hidlar yuzasidan murojaat qilgan.
Ushbu holatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazilib, atmosfera havosidan namunalar olingan. Maqsad — havoni ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash va qoidabuzarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish uchun ishonchli ma’lumotlarni to‘plash.
Maxsus komissiya poytaxt havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan manbalar, jumladan, sanoat korxonalari, avtotransport, isitish tizimlari hamda kuz-qish mavsumida aholi yashash hududlariga yaqin joylashgan issiqxona xo‘jaliklari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Taklif etilayotgan yechimga ko‘ra, davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan issiqxonalar tabiiy gaz, suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida hosil bo‘ladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishi mumkin.
Ushbu manbalardan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan holatlarda ko‘mirda ishlaydigan zamonaviy isitish uskunalaridan foydalanish ham taklif etilmoqda. Biroq bunda qator majburiy talablar belgilanadi. Xususan, issiqxonalar zararli chiqindilarni belgilangan me’yorlargacha kamaytiradigan sertifikatlangan qozonlar, tozalash va filtrlash tizimlari bilan jihozlanishi kerak. Shuningdek, videokuzatuv tizimi o‘rnatilib, tegishli ma’lumotlar va videotasvirlar Milliy ekologik monitoring markaziga uzatilishi lozim.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi va boshqa idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh issiqxonalar uchun taklif etilgan texnologiyalarni o‘rgandi. Jumladan, Xitoy texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan qozonxona uskunasi va filtrlardan iborat isitish tizimining tajriba namunasi taqdim etildi.
Joriy yil 30-sentabr va 8-oktabr kunlari o‘tkazilgan o‘lchovlar natijasida mazkur filtr namunasi orqali atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan xavfsizlik me’yorlariga mos kelmasligi aniqlandi. Kelishuvga muvofiq, issiqxona xo‘jaliklari filtrni takomillashtirishi, shundan so‘ng ishchi guruh tomonidan qayta o‘lchovlar o‘tkazilishi belgilandi.
Ayni paytda issiqxonalar qozonxonalari uchun filtrlarga qo‘yiladigan xavfsiz chiqindi standartlarini tasdiqlashga qaratilgan hujjat loyihasi ham tayyorlangan. Bundan tashqari, ekologik toza texnologiyalarga o‘tayotgan xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar va soliq imtiyozlari paketini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, ekologik xavfsiz isitish tizimlari bilan jihozlanmagan issiqxonalarning poytaxt mintaqasida faoliyat yuritishiga nisbatan taqiq saqlanib qoladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda amaldagi moratoriy talablariga rioya etgan holda issiqxona xo‘jaliklari ustidan doimiy ekologik monitoring olib boradi.
Taklif etilayotgan choralarning asosiy maqsadi — tadbirkorlik faoliyatini ekologik talablar asosida davom ettirish imkonini yaratish bilan birga, poytaxt havosining ifloslanishini kamaytirish va aholi salomatligini muhofaza qilishdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA