O‘zbekiston va Kanada universitetlari o‘rtasida ta’lim hamkorligi kengaytiriladi
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligida Kanadadagi nufuzli universitetlar vakillari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Bugun Agentlik direktori Sevara Shakirova hamda Kanadaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda “Saint Mary’s University” vakili Mey Zay, “Simon Fraser University” vakili Dina Tompson hamda “York University” vakili Sunera Ali ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida Agentlik tizimidagi Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining Kanada universitetlariga o‘qishga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, ular uchun maxsus qabul shartlari va ta’lim grantlarini ajratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida o‘quvchilar uchun yozgi oromgohlar tashkil etish, o‘zaro tashrif va almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda maktab maslahatchilari hamda STEM yo‘nalishidagi fan o‘qituvchilari uchun xalqaro tajriba asosida malaka oshirish treninglarini tashkil etish takliflari ham muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, uchala universitet bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash orqali rasmiy aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Mazkur hamkorlik tashabbuslari Agentlik tizimidagi o‘quvchilarning xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirish hamda pedagoglar malakasini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA