Ispaniya va Gibraltar o‘rtasidagi chegara nazorati bekor qilindi
Ispaniya va Gibraltar mintaqasi o‘rtasida yillar davomida turli bahslar va uzun navbatlarga sabab bo‘lib kelgan chegara nazorati bekor qilindi. Endilikda odamlar va transport vositalari ilk bor bojxona tekshiruvisiz erkin harakatlana boshladi. Tantanali marosimda Gibraltar bosh vaziri Fabian Pikardo bu voqeani “Yevropa qaytdi” degan so‘zlar bilan e’lon qildi.
Bu o‘zgarish Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi (Brexit) ortidan London va Bryussel o‘rtasida erishilgan kelishuv natijasida amalga oshdi. Hujjatga YeI, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Gibraltar vakillari Bryusselda imzo chekdi.
Atiga 40 ming aholi yashaydigan Gibraltar iqtisodiyoti asosan, har kuni Ispaniyadan ishga qatnaydigan 15,5 ming nafar xodim mehnatiga tayanadi. Shuning uchun chegaradagi ko‘p soatlik navbatlar nafaqat aholi, balki biznes uchun ham katta muammo hisoblanardi. Endi esa hudud Shengen (Yevropada erkin harakatlanish hududi) qoidalariga mos tartibda faoliyat yuritadi.
Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares kelishuvni “yangi davrning boshlanishi” deb atadi. Uning fikricha, bu qadam chegaraning har ikki tomonida iqtisodiy faollikni oshirib, minglab odamlar hayotini yengillashtiradi.
Ma’lumki, Gibraltar masalasi London va Madrid o‘rtasida uch asrdan beri bahsli mavzulardan biri bo‘lib keladi. 1713-yildagi Utrext shartnomasi bilan hudud Britaniyaga o‘tgan, 1969-yilda esa Ispaniya rahbari Fransisko Franko chegarani to‘liq yopib qo‘ygan edi. Bu cheklov 13 yil davom etgan va minglab oilalar hamda ishchilarning kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Yangi kelishuv esa tomonlar munosabatidagi eng muhim o‘zgarishlardan biri sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA