“Islom nuri durdonalari” ko‘rgazmasi tashkil etildi
“I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik va bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” Xalqaro forumi doirasida “Islom nuri durdonalari” ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida buyuk mutafakkir ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uning global ahamiyatini ochib berish, islom sivilizatsiyasining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat g‘oyalarini jahon hamjamiyatiga yetkazish nafaqat muayyan bir davlatning, balki butun musulmon olamining umumiy vazifasiga aylanmoqda. O‘zbekiston esa ana shu xalqaro hamkorlikning tashabbuskori sifatida maydonga chiqmoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yuragi bo‘lmish Qur’on zalida ochilgan “Islom nuri durdonalari” ko‘rgazmasining asosiy maqsadi ham islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini namoyon etishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston-Saudiya do‘stlik jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda keyingi o‘n yil davomida ilmiy-ma’naviy merosni asrash, uning mohiyatini dunyoga keng targ‘ib etish borasida ulkan tashabbuslar ilgari surilayotgani va ular o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini ta’kidladi.

Ko‘rgazma orqali O‘zbekiston hududida shakllangan boy islomiy durdonalar, buyuk allomalarning ilmiy va ma’naviy merosi, noyob qo‘lyozmalar, Qur’on nusxalari, xattotlik, miniatyura san’ati, amaliy bezak san’ati hamda madaniy boyliklar zamonaviy muzey texnologiyalari asosida taqdim etildi.
“Islom – ilm, ma’rifat va tinchlik dini” g‘oyasi asos qilib olingan ko‘rgazma - ekspozitsiya mehmonlarni islom sivilizatsiyasining shakllanishi, uning jahon sivilizatsiyasiga ta’siri hamda Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning ushbu jarayondagi o‘rni bilan tanishtiradi.

Ko‘rgazmadan Ka’baning eshik qismi kisvasi va uning atrofida XIX – XX asrlarga tegishla bo‘lgan, “Alloh” va “Muhammad” yozuvli panno, Ka’ba kisvasidan olingan kalligrafik panel - “Hizam” va Ka’bapo‘sh (Kisva)lar joy olgan. Bu, o‘z navbatida Qur’on zali ahamiyati va ulug‘vorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmada shuningdek, 1900-yilda tayyorlangan, payg‘ambar alayhissalom qabrlaridan olingan yashil ipakdan tayyorlangan katta maqbara yopqichi, “Maqomi Ibrohim”, XIX asrga oid “Mahmil” namoyish etildi.

Qur’oni karim zalining Qo‘qon portalidan kirish qismida esa “Usmon mushafi”ni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, xususan “Qur’oni karim zali”ga yetib kelish tarixiga oid fotosuratlar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida joylashgan, “Islom san’ati” muzeyidan ushbu ko‘rgazma uchun maxsus keltirilgan, islom tarixi bilan bog‘liq noyob qo‘lyozmalar, ilmiy va ma’naviy meros namunalari bo‘lgan kitoblar, eksponatlar, madaniy meros ashyolari diqqatga sazovor.
Xususan, “Muhammad (s.a.v) namozlari zikri”ga bag‘ishlangan hamda Qur’ondan bir necha suralar keltirilgan asar, muallifi Imomzoda al Haj Muhammad “Daloil al xayrot” va “Al hizb al A’zam” asarlaridan iborat duo kitobi, Saljuqiylar davri (XII asr)ga oid Qur’on qo‘lyozmasidan varaq, “Tavba” surasining 70–71-oyatlari yozilgan Qur’on parchasi, Suls xatida ko‘chirilgan Qur’on parchasi (“Ahzob surasi” 41-43 oyatlari), Kufiy xat turida ko‘chirilgan Qur’on parchasi, VII asrga mansub “Katta Langar Qur’oni”ning faksimil nashri, Kalomi sharifning “Baqara” surasi 255-oyatlari yozilgan parchasi, “Ibrohim” surasi 40-oyat yozilgan parchasi, G‘ubor xatida yozilgan kalligrafik lavha, Muqaddas kitobning 1670-yil Muhammad Taqiy ibn Muhammad Ali Davlatobodiy tomonidan imzolangan namunasi, Tabarruk kitobning XVII asrga tegishli nashri ko‘rgazmaga kelgan mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.

Shuningdek, qadimiy davrga oid qulf va kalit, Makka shahridagi Masjidul Haromning panjara qismida ishlatilgan mis parchasi kabi islom san’atiga tegishli bo‘lgan me’morchilik, amaliy san’at, xattotlik, miniatyura, kulolchilik, zargarlik, namunalari kabi artefaktlar namoyish etildi.
“Islom nuri durdonalari” ko‘rgazmasi Islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini zamonaviy muzey ekspozitsiyasi orqali namoyon etuvchi nufuzli xalqaro madaniy loyiha bo‘lib, forumning “Tinchlik va bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusini mazmunan boyitadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri