Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘mdan yordam puli berish rejalashtirilmoqda
Noyabr oyida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir martalik 1 mln. so‘mdan moddiy yordam ajratish rejalashtirilmoqda. Mablag‘ 30-noyabrga qadar ijtimoiy karta yoki bank kartalariga o‘tkaziladi.
Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylangan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga o‘tish jarayonida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi Prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.
Yordam faqat Ijtimoiy reyestrdagi oilalar bilan cheklanmaydi. Jon boshiga daromadi MIXning 2 baravarigacha bo‘lgan, ammo reyestrga kiritilmagan ehtiyojmand oilalar ham qo‘shimcha ro‘yxat asosida qamrab olinishi mumkin. Elektr va tabiiy gaz kompensatsiyalari bo‘yicha daromad mezoni ham MIXning 1,5 baravaridan 2 baravarigacha kengaytiriladi.
Gazlashtirilmagan va tabiiy gaz yetib borish qiyin hududlarda elektr energiyasining isitish mavsumidagi bazaviy me’yorini 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha oshirish taklif etilmoqda.
Bu choralar bilan bir qatorda, aholi uchun isitish va issiq suv xizmatlariga yangi tariflar joriy etish, suyultirilgan gaz narxini 1 kg. uchun 5 ming so‘m etib belgilash taklif etilmoqda. Ehtiyojmand oilalarga esa 2030-yil 1-yanvarga qadar oyiga 20 kg.gacha har bir kilogramm uchun 3 ming so‘mdan kompensatsiya to‘lanadi.
O‘zA