Ishchi guruh “Sirdaryo IES”da
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi rahbarligidagi ishchi guruhi Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari holati bilan yaqindan tanishdi.
Karantin sharoitiga qaramasdan Rossiyaning “Silovыye mashinы” kompaniyasi tomonidan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining beshinchi va oltinchi energobloklari modernizatsiyasi hamda 3-mazut saqlash xoʻjaligida taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari ayni kunda uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
– Energiya ishlab chiqarish jarayonida resurslarni tejash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish mamlakatimiz rahbari tomonidan oldimizga qoʻyilgan muhim vazifa, – dedi “Issiqlik elektr stansiyalari“ AJ boshqaruvi raisi Ruslan Mubarakshin. – Bu jarayonda modernizatsiya ishlarini tezlashtirishimiz zarur, chunki faqatgina elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoniga yangi texnologiyalarni jalb etilishi, mavjud uskunalarni yangilash energiyatejamkorlikni taʼminlashi mumkin. Shuningdek, stansiya hududida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ommalashtirishimiz kerak.
Pandemiya sharoitida respublikamiz iqtisodiyoti va aholi uchun uzluksiz elektr energiya ishlab chiqarish jarayonida joriy etilgan 12 soatlik 15 kunlik ish rejimida ishlayotgan ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi, ishchi-xodimlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish, ijtimoiy sharoitini yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Ishchi guruhi “Sirdaryo IES” yotoqxonasida joylashgan Sardoba tumanidan evakuatsiya qilingan oilalar vakillari yashash sharoitlarini oʻrgandi.