Ish joyidagi xavf qachon fojiaga aylanadi?
Ba’zan birgina e’tiborsizlik, bir daqiqalik shoshqaloqlik yoki vaqtida aniqlanmagan xavf inson taqdirini butunlay o‘zgartirib yuboradi.
Ish joyida sodir bo‘ladigan har bir baxtsiz hodisa — bir oilaning dardi, farzandning otasiz yoki onasiz qolishi, yaqinlar qalbida qoladigan og‘ir iz. Shu bois mehnat xavfsizligi masalasi faqat qonun va qoidalar emas, avvalo inson hayotini asrashga qaratilgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ish vaqtida qayd etilayotgan baxtsiz hodisalar bu sohada xavflarni oldindan aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan yangi yondashuvlar zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Shukrullo Mavlonov ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 7 oyi davomida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 529 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan. Shundan 24 tasi — guruh, 372 tasi — og‘ir oqibatli hamda 132 tasi — o‘lim bilan yakunlangan. Jami 580 nafar xodim jabrlangan. Ularning 156 nafari halok bo‘lgan, 402 nafari og‘ir, 22 nafari esa yengil tan jarohati olgan.
Bu raqamlarni oddiy statistik ko‘rsatkich sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Chunki har bir raqam ortida inson hayoti va uning yaqinlari taqdiri turibdi.
Har bir baxtsiz hodisadan keyin bir savol tug‘iladi: bu voqeaning oldini olish mumkinmidi?
– Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab baxtsiz hodisalar birgina sabab tufayli yuzaga kelmaydi, – deydi Shukrullo Mavlonov. – Ularning ortida, odatda, bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta omillar ketma-ketligi mavjud bo‘ladi. Xususan, xavf, xavfni aniqlamaslik yoki e’tiborsiz qoldirish, nazoratning yetarli emasligi, xavfli harakat yoki xavfli sharoit, hodisa, jarohat kabilar sabab bo‘ladi. Afsuski, har qanaqa sabab bo‘lmasin, inson hayotiga tahdid soluvchi holatlarning yuzaga kelishi achinarli.
Aslida baxtsiz hodisa sodir bo‘lgandan keyin faqat “kim aybdor?” degan savolni berish yetarli emas. Bunda eng avvalo ish jarayonidagi holatlar chuqur tahlil talab etadi.
Xavf qachon paydo bo‘ldi?
Kim tomonidan aniqlandi yoki aniqlanmadi?
Nima uchun bartaraf etilmadi?
Nazorat nima sababdan ishlamadi?
Mutaxassis sifatida aytishim lozimki, zarur savollarga javob topmasdan turib, faqat hodisa oqibatini o‘rganish orqali uning ildiz sabablarini bartaraf etib bo‘lmaydi.
Mehnat xavfsizligini faqat baxtsiz hodisalar statistikasi orqali baholash yetarli emas. Mehnat xavfsizligida, eng avvalo reaktiv yondashuvdan proaktiv yondashuvga izchil o‘tish zarur.
Reaktiv yondashuv bu - hodisa → tekshiruv → sabab → chora bo‘lsa, proaktiv yondashuv - xavfni aniqlash → xavfni baholash → nazorat choralarini belgilash → monitoring → oldini olishdir.
Bu ikki yondashuv o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, birinchisi hodisaga javob beradi, ikkinchisi esa hodisaga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfni oldindan boshqaradi.
Mazkur yondashuvni amaliyotga joriy etish, baxtsiz hodisalar haqida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish tizimini takomillashtirish maqsadida Davlat mehnat inspeksiyasi Mehnatni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan soha olimlari va mutaxassislari bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining “Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish hamda ularning oqibatida yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Ayni paytda mazkur loyiha belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda va tasdiqlanishi kutilmoqda.
Loyihada baxtsiz hodisalarni aniqlash, xabar berish, tekshirish va hisobga olish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bir qator muhim mexanizmlar nazarda tutilmoqda.

Muhimi, ish beruvchining aniq majburiyatlari belgilanadi. Baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda ish beruvchining qanday harakatlarni, qaysi tartibda va qanday muddatlarda amalga oshirishi kerakligi aniq tartibga solinishi rejalashtirilgan. Bu bir tomondan hodisani yashirish yoki xabar berishni kechiktirishning oldini olishga, ikkinchi tomondan esa, jabrlanuvchining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda tekshiruvning to‘liq va sifatli o‘tkazilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Amaliyotda ayrim jarohatlanish holatlari ish beruvchi tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilmasligi yoki o‘z vaqtida xabar qilinmasligi mumkin. Bunday holatlarda jabrlanuvchining qonunchilikda belgilangan huquq va kafolatlaridan foydalanish imkoniyati ham cheklanishi ehtimoli mavjud. Shu sababli tibbiyot muassasalari tomonidan baxtsiz hodisa oqibatida jabrlangan shaxslar to‘g‘risida Davlat mehnat inspeksiyasi hamda kasaba uyushmalarini xabardor qilish tartibini joriy etishni nazarda tutilmoqda. Bu mexanizmning asosiy maqsadi — yashirilishi mumkin bo‘lgan hodisalarni aniqlashdan tashqari, eng avvalo, jabrlanuvchi va vafot etgan xodimning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish.
Bundan tashqari, agar baxtsiz hodisa yong‘in, portlash, texnogen avariya yoki tabiiy ofat oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lsa, tekshiruv komissiyasi tarkibiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakilini kiritish nazarda tutilmoqda. Bunday hodisalarda sabablarni faqat mehnat xavfsizligi nuqtai nazaridan emas, balki favqulodda vaziyatning kelib chiqish sabablari, texnik holat, tashkiliy choralar va boshqa omillarni hisobga olgan holda kompleks baholash muhimdir. Bu esa hodisaning haqiqiy sabablarini chuqurroq aniqlash va kelgusida takrorlanishining oldini olish bo‘yicha samarali choralarni belgilash imkonini beradi.
Loyihada baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish jarayonlarini sun’iy intellektga asoslangan elektron axborot tizimi orqali amalga oshirishni joriy etish nazarda tutilmoqda.
Bu oddiygina qog‘oz hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish emas. To‘g‘ri tashkil etilgan raqamli tizim hodisa haqida tezkor xabar berish, tekshiruv jarayonining shaffofligini ta’minlash, hujjat va dalillarni tizimlashtirish, ishonchli statistik ma’lumotlarni shakllantirish, takroriy va yashirin hodisalarni aniqlash hamda xavflarni hudud, tarmoq va boshqa mezonlar kesimida tahlil qilish imkonini berishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA