OTB Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun yangi moliyaviy mexanizmni ishga tushirdi
Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
“Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” shiori ostida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda OTBga a’zo davlatlar, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlardan 4000 ga yaqin vakil ishtirok etmoqda.
Bugun o‘tkazilgan yig‘ilishda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan Osiyo va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarini ekologik toza energetika, akkumulyator, elektromobil va raqamli texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan o‘ta muhim ahamiyatga ega mineral resurslar yetkazib berish zanjirlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizm ishga tushirilgani e’lon qilindi.
– O‘ta muhim ahamiyatga ega mineral resurslar keyingi sanoat davrini belgilaydi, – dedi Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda. – Osiyo va Tinch okeani mintaqasi faqat xom ashyo manbai bo‘lib qolmasligi kerak. Mintaqa ushbu resurslar ta’minlaydigan ish o‘rinlari, texnologiyalar va qo‘shilgan qiymatdan ham foyda ko‘rishi lozim. Mazkur mexanizm tezkorlik va adolat tamoyillariga asoslanadi: rivojlanayotgan a’zo mamlakatlarimiz ilg‘or ishlab chiqarish sohasida raqobatlasha olishi va o‘z iqtisodiyotlarida imkoniyatlar yaratishi uchun mas’uliyatli yetkazib berish zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan.
O‘ta muhim ahamiyatga ega mineral resurslardan ishlab chiqarishgacha yo‘naltirilgan hamkorlikdagi moliyalashtirish mexanizmi mintaqani foydali qazilmalarni qazib olishdan boshlab yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tarmoqlarga, jumladan, qayta ishlash, ishlab chiqarish va qayta foydalanishga o‘tishini ta’minlashga yordam beriladi. Mazkur mexanizm loyihalarni tayyorlashga ko‘maklashadi, siyosatni isloh qilishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda o‘ta muhim ahamiyatga ega mineral resurslar qiymat zanjiri bo‘ylab davlat investitsiyalari va xususiy moliyalashtirishni rag‘batlantiradi.
Ushbu mexanizm ikki tarkibiy qismdan, ya’ni grant oynasi va katalitik moliyalashtirish oynasidan iborat.
Grant oynasi loyihalarni tayyorlashning dastlabki bosqichlarini moliyalashtiradi, jumladan, texnik-iqtisodiy asoslash, ekologik va ijtimoiy baholashlar, texnik yordam hamda bilim almashinuvini ta’minlaydi. Yaponiya hukumati grant oynasiga 20 million, Buyuk Britaniya hukumati esa 1,6 million AQSH dollari ajratishni o‘z zimmasiga olgan.
Katalitik moliyalashtirish oynasi esa boshqa moliyaviy hamkorlardan qo‘shma moliyalashtirishni jalb etish va xatarlarni taqsimlash uchun mo‘ljallangan. Koreya Eksport-import banki hamda Korea Trade Insurance Corporation ushbu mexanizmning ilk hamkorlari sifatida har biri 500 million AQSH dollari miqdorida memorandumlar imzoladi.
Qayd etilishicha, yangi mexanizm OTBning 2025-yilgi strategiyasiga tayanadi va allaqachon ayrim yo‘nalishlarda ko‘mak bermoqda.
Xususan, Hindistonda akkumulyatorlar ishlab chiqarish va qayta ishlashni rivojlantirish, Mo‘g‘ulistonda geologik ma’lumotlarni xaritalashtirish, O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalangan holda o‘ta muhim metallar ishlab chiqarish va sirkulyar yondashuvlarni joriy etish, Qozog‘istonda o‘ta muhim ahamiyatga ega mineral resurslar bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, Filippinda esa o‘ta muhim mineral resurslar bo‘yicha yo‘l xaritasini shakllantirish va normativ-huquqiy islohotlarni amalga oshirish jarayonlariga kirishilgan.
Mazkur mexanizm ekologik toza energetika va raqamli texnologiyalarga ortib borayotgan talabni qondirish bilan birga yangi ish o‘rinlari yaratish va mintaqada inklyuziv iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA