Iqtisodiy sud qarorlari ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanadi
Parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi iqtisodiy sud qarorlarining ijrosini asossiz kechiktirish holatlarini kamaytirish, halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Jumladan, qonun loyihasi bilan Iqtisodiy protsessual kodeksining 271, 294 va 323-moddalariga o‘zgartirish kiritilmoqda. Unga ko‘ra, yuqori instansiya sudlarida ko‘rib chiqilayotgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari ijrosini to‘xtatib turish faqatgina arizachi tomonidan bunday chora ko‘rilmasa, sud hujjatining qaytarma ijrosi qiyinlashishi yoki imkonsiz bo‘lib qolishi asoslab berilgan hollarda qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Muhokamalarda sud qarorlari ijrosini yuqori instansiyada to‘xtatib turishning aniq asoslarini belgilash amaliyoti sud qarorlarining o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash, qarzdorliklarni undirish jarayonlarida ortiqcha kechikishlarning oldini olishga xizmat qilishi qayd etildi.
Fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasi tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va qonuniy iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
M.Komilova,
O‘zA