Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish masalalari mutaxassislar e’tiborida
Xalqaro iqlim kuni munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da davra suhbati tashkil etildi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, ekolog olimlar va mutaxassislar, oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi, Ekofraksiya a’zosi Xayrullo G‘afforov ma’ruza qildi. Deputat o‘z so‘zida ekologiya sohasidagi qonunchilik asoslari takomillashtirib borilayotgani, xususan, “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani to‘g‘risida aytib o‘tdi.

Shuningdek, Qonunlik palatasida Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish bo‘yicha komissiya tashkil etilgani bu yo‘nalishdagi islohotlarning muhim qismi ekanini alohida qayd etdi.
Tadbir davomida soha mutaxassislari iqlim o‘zgarishlariga moslashish, bu borada ilmiy asoslarni rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, aholining ekologik madaniyatini oshirish kabilar haqida to‘xtalib, bir qator taklif va tavsiyalarni bildirdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA