Intellektual mulkni xalqaro darajada himoya qilish masalasi dolzarbligicha qolmoqda
So‘nggi yillarda dunyoda intellektual mulk sohasi global iqtisodiyotning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, innovatsiyalar va kreativ industriyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi sharoitda intellektual mulk huquqlarini xalqaro darajada samarali muhofaza qilish davlatlar uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Jahon intellektual mulk tashkiloti — WIPO boshqaruvidagi xalqaro shartnomalarga qo‘shilish bo‘yicha tashlayotgan qadamlari mamlakatning xalqaro huquqiy va iqtisodiy integratsiyasida muhim bosqich hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, WIPO — Jahon intellektual mulk tashkiloti hisoblanadi. U Birlashgan millatlar tashkilotining maxsus muassasalaridan biri bo‘lib, butun dunyoda intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish, xalqaro standartlarni ishlab chiqish va davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Tashkilotning markazi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan.
Bugun O‘zbekiston ham WIPO tizimi doirasidagi 20-xalqaro shartnomaga qo‘shilish sari harakat qilmoqda. Bu esa nafaqat milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, balki mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyot, IT sohasi, startaplar va kreativ industriyalarni rivojlantirish uchun ham mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Bu haqda xalqaro huquq va intellektual mulk sohasi tadqiqotchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va siyosiy huquqshunoslik fakulteti Tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shohruxbek Tillaboyev o‘z fikrlarini bildirdi.
– WIPO shartnomalariga qo‘shilish O‘zbekiston uchun nechog‘lik ahamiyatli?
— Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, media platformalar va elektron tijorat jadal rivojlanayotgan bir paytda intellektual mulkni xalqaro darajada himoya qilish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, WIPO shartnomalariga qo‘shilish O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega qadam hisoblanadi.
Ayniqsa, raqamli transformatsiya jarayonlari jadallashgan sharoitda intellektual mulk huquqlarini xalqaro darajada muhofaza qilish masalasi har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda sun’iy intellekt orqali yaratilgan kontent, raqamli aktivlar, internet platformalarda tarqatilayotgan mualliflik ob’ektlari, tovar belgilari bilan bog‘liq kiberhuquqbuzarliklar va transchegaraviy raqamli xizmatlar xalqaro huquq oldiga yangi chaqiriqlarni qo‘ymoqda. Shu sababli davlatlar intellektual mulk sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirishga, huquqiy mexanizmlarni modernizatsiya qilishga va global institutlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga intilmoqda.
Mazkur jarayonlarda Jahon intellektual mulk tashkiloti — WIPO alohida o‘rin tutadi. U BMTning ixtisoslashgan muassasalaridan biri sifatida intellektual mulk sohasidagi xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi asosiy global platforma hisoblanadi.
Tashkilot xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish, davlatlarga huquqiy va texnik yordam ko‘rsatish, intellektual mulk ob’ektlarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlarini yuritish hamda raqamli davrda intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi mexanizmlarni shakllantirish bilan faol shug‘ullanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning WIPO boshqaruvidagi xalqaro shartnomalarga qo‘shilish bo‘yicha tashlayotgan qadamlari mamlakatimizning xalqaro huquqiy va iqtisodiy integratsiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ushbu jarayonda olib borilayotgan biror bir amaliy natijalarni ko‘rsata olasizmi?
— Albatta, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Kelib chiqish joy nomlari va geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi Lissabon bitimining Jeneva aktiga qo‘shilish haqidagi qonun loyihasining qabul qilinishi bu boradagi muhim huquqiy qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur hujjatga muvofiq, O‘zbekiston WIPO doirasidagi Lissabon tizimiga a’zo bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa tovar kelib chiqqan joy nomlari va geografik ko‘rsatkichlarni xalqaro darajada ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi. Eng muhimi, ushbu tizim orqali bir marta ro‘yxatdan o‘tish va yagona boj to‘lovini amalga oshirish orqali intellektual mulk ob’ektlari barcha ishtirokchi davlatlarda uzoq muddatli huquqiy himoyaga ega bo‘ladi.
Bu, ayniqsa, O‘zbekistonning milliy va an’anaviy mahsulotlari uchun juda muhim ahamiyatga ega. Masalan, Chust pichog‘i, Samarqand noni, Marg‘ilon adrasi, Xorazm qovuni kabi mahsulotlar nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro bozorda ham o‘z brendi va nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Geografik ko‘rsatkichlarni xalqaro huquqiy muhofaza qilish esa ushbu mahsulotlarning noqonuniy taqlid qilinishi, brenddan asossiz foydalanish va insofsiz raqobat holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
– Mutaxassislarning fikricha, Lissabon tizimiga qo‘shilish mahalliy tadbirkorlar uchun ham katta imkoniyatlar yaratar ekan. Aytingchi, buning qanday afzalliklari bor?
— Bunda mutaxassislar bir qancha qulayliklarni nazarda tutgan. Xususan, xorijda huquqiy himoya olish xarajatlari o‘rtacha 3 barobarga qisqaradi. Ariza berish jarayonlari ancha soddalashadi. Huquqiy ekspertiza va ko‘rib chiqish muddatlari tezlashadi. Mahalliy brendlarni tashqi bozorlarda targ‘ib qilish imkoniyatlari kengayadi.
Shu bilan birga, mazkur qadam O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni bilan ham uzviy bog‘liq. Chunki, intellektual mulk huquqlarini samarali muhofaza qilish va xalqaro standartlarga mos huquqiy tizimni shakllantirish JSTning asosiy talablaridan biri hisoblanadi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda intellektual mulk sohasida keng ko‘lamli huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirilmoqda. Masalan, intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari raqamlashtirildi, onlayn ariza berish tizimlari joriy qilindi, huquqlarni himoya qilish mexanizmlari kuchaytirildi hamda milliy qonunchilik TRIPS bitimi va WIPO standartlariga moslashtirilmoqda. Ushbu islohotlar sizningcha, kelgusida qanday samara beradi?
— Kelgusi yillarda intellektual mulk va raqamli texnologiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlik yanada kuchayadi. Sun’iy intellekt orqali yaratilgan kontent, raqamli aktivlar, NFT, metavers va internet platformalardagi huquqiy munosabatlar yangi chaqiriqlarni keltirib chiqaradi.
Shu sababli davlatlar faqat an’anaviy intellektual mulkni emas, balki raqamli muhitdagi huquqlarni ham kompleks tarzda tartibga solishga harakat qiladi. O‘zbekistonning WIPO doirasidagi xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etishi esa mamlakatning mazkur global tendensiyalarga tayyor ekanini ko‘rsatadi.
– Ma’lumki, har qanday islohotlarning asosida xalqaro tajriba muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, joriy tizim rivoj topgan qaysi mamlakatni ayta olasiz?
— Misol sifatida Hindistonning “Darjeeling tea” keysini keltirish mumkin. Hindiston mazkur choy brendini xalqaro darajada ro‘yxatdan o‘tkazish va huquqiy himoya qilish orqali bozordagi soxta mahsulotlarga qarshi kurashdi. Chunki, bir vaqtlar “Darjeeling” nomi dunyo bo‘ylab turli davlatlarda noqonuniy ravishda ishlatilib, haqiqiy mahsulot ishlab chiqaruvchilar iqtisodiy zarar ko‘rayotgan edi.
Hindiston hukumati va Tea Board of India tomonidan WIPO mexanizmlari, xalqaro tovar belgilari tizimi va geografik ko‘rsatkichlar orqali kompleks huquqiy himoya choralari amalga oshirildi. Buning natijasida “Darjeeling tea” xalqaro bozorda eksklyuziv va yuqori qiymatga ega milliy brend sifatida mustahkamlandi.
Yevropa Ittifoqi tajribasida ham geografik ko‘rsatkichlar iqtisodiy rivojlanishning muhim instrumenti hisoblanadi. Masalan, “Parma Ham” (Italiya), “Roquefort cheese” (Fransiya), “Feta” (Gretsiya) kabi mahsulotlar xalqaro huquqiy himoya orqali nafaqat mahsulot sifati va kelib chiqishini kafolatlaydi, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.
O‘zbekiston uchun ham bu yo‘nalish katta strategik ahamiyatga ega. Chust pichog‘i, Samarqand noni, Marg‘ilon adrasi yoki Xorazm qovuni kabi mahsulotlar kelajakda nafaqat milliy brend, balki xalqaro himoyaga ega yuqori qiymatli eksport mahsulotiga aylanishi mumkin. Lissabon tizimiga qo‘shilish esa bu borada muhim huquqiy va institutsional asos yaratadi.
Sherbek Islomov, O‘zA