Ipak qurtidan – ipak momig‘igacha (+video)
Taqqoslash uchun aytaylik: so‘nggi o‘n yilda Farg‘ona viloyatida pilla hosili yetishtirish qariyb ming tonnaga ortdi. Bu hali chegara emas. 2026-yil rejalari yanada ulkan. 46 ming quti ipak qurti tarqatib undan 3 ming tonnadan ziyod pilla olmoqchilar. Bu urug‘lar, jumladan, “Nurli tong silk” ipakchilik klasterida ham tayyorlandi.
– Ushbu ipak qurti urug‘ining 50 foizini o‘zimizning korxonada tayyorladik. Qolgan 50 foizini Xitoyning Ankan provinsiyasidagi ipak qurti urug‘i zavodidan olib keldik, – deydi “Nurli tong silk” ipakchilik klasteri rahbari Mahmudjon Mahmudov. – Shu bilan birga xitoylik mutaxassis ham hozir Farg‘onada. U qurt boqilish jarayonida agronom sifatida maslahat berib boradi.

Ipakchilik klasteri 24 ming quti ipak qurtining har qutisidan o‘rtacha 60 kilogrammdan, jami 1400 tonna pilla yetishtirish choralarini ko‘rmoqda. Shu yil 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ipak qurti boquvchisiga ham, uni qayta ishlovchiga ham katta qulayliklar yaratdi. Unga ko‘ra:
– Kam ta’minlangan oilalar uchun bir martalik 4 million so‘m subsidiyalar, yetishtirilgan pillaning 35 foizi miqdorida qo‘shimcha subsidiya, bundan tashqari, ipak qurti boqqan aholiga 4 yillik foizsiz ssuda berish joriy etildi. Qolaversa, soliq imtiyozlari ham mavjud, – deydi Mahmudjon Mahmudov.

“Nurli tong silk” klasteri qurt boquvchilar uchun bir necha hududda ozuqa sifatida tutzorlar yaratdi, pillani qayta ishlovchi korxona faoliyatini kengaytirdi. Bugun uning mahsulotlari xorijda nom qozongan.
– Biz ishlab chiqarayotgan ipak mahsulotlari to‘lig‘icha eksport qilinadi, –deydi klaster rahbari. – Xitoy, Hindiston, Vetnam, Pokiston kabi davlatlarga mahsulotimizni yubormoqdamiz. Shu kunlarda eronlik tadbirkorlar bilan shartnoma tuzdik.

Pillada chiqit bo‘lmaydi. Buni mazkur klaster misolida ham ko‘rish mumkin, ilgari oz bo‘lsada chuvalma tolalar bo‘lar edi. Endi undan yangi mahsulot ishlab chiqardilar.
– 100 foiz ipak chiqitidan tayyorlangan momiq – ipak paxtasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. 2025-yilda qiymati 588 ming dollar bo‘lgan to‘quv uskunalarini keltirgan edik. Endi turkiyalik hamkorlar buyurtmasiga ko‘ra nafis ipak matolar shu yerning o‘zida to‘qiladi, – deydi Mahmudjon Mahmudov.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xFcAeWtQ6f0" title="Ipak qurtidan – ipak momig‘igacha" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA