Inson unutilmaydi, so‘z eskirmaydi...
FOTOREPORTAJ
Vaqt shiddat bilan o‘tadi, avlodlar almashadi, ammo xalq xizmatiga bag‘shida etilgan sof vijdonli umr, el dardini qalbdan o‘tkazib yozilgan kuydirgi so‘z va insonlar yuragida muhrlanib qolgan ezgu xotiralar hech qachon unutilmaydi.
Matbuot — davrning ko‘zgusi, jurnalistika esa mashaqqatli va sharafli kasbdir. Buxoro matbuotining fidoyi namoyandasi, o‘z hayoti va taqdirini milliy jurnalistikamiz ravnaqiga baxshida etgan ustoz ijodkor Erkin Yodgorov ana shunday o‘chmas iz qoldirgan siymolardan edi. Uning qalamida nafaqat davr nafasi, balki oddiy odamlarning quvonchu tashvishlari, yurt taqdiri va kelajakka bo‘lgan ishonchi aks etardi. Ustozning har bir maqolasida haqiqatga sadoqat, kasbiy mas’uliyat va Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat mujassam edi. Bugungi kunda ham ustoz jurnalistning sharafli hayot yo‘li, boy ijodiy merosi va yuksak insoniy fazilatlari hamkasblari, shogirdlari hamda keng jamoatchilik xotirasida ardoqli bir mayoqdek yashab kelmoqda.

Erkin Yodgorov 1951-yilda qadimiy va navqiron Buxoro zaminining fayzli go‘shalaridan biri — Shofirkon tumanida tavallud topgan. Mehnat va bilimga bo‘lgan ishtiyoq uni ilm maskanlari sari yetakladi. 1973-yilda u Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab, katta hayot va ijod maydoniga kirib keldi. Mehnat faoliyatini dastlab Vobkent tumani gazetasida oddiy muxbir sifatida boshlagan yosh ijodkorning iste’dodi, tinimsiz izlanuvchanligi va mehnatsevarligi qisqa vaqt ichida soha mutaxassislari e’tiborini tortdi. Oradan uch yil o‘tib, uning taqdiri viloyatning bosh nashri – “Buxoro haqiqati” gazetasi bilan chambarchas bog‘landi.
Bu tabarruk dargohda Erkin aka muxbirlikdan boshlab, maxsus muxbir, mas’ul kotib, bo‘lim muharriri va tarjimon vazifalarigacha bo‘lgan mashaqqatli, ammo sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. O‘zbek va rus tillarida chop etiladigan nashrlarda birdek faol va sermahsul qalam tebratib, matbuotning eng murakkab janrlarida ham katta hayotiy va kasbiy tajriba to‘pladi.

Erkin Yodgorov o‘z davrining jonkuyar va prinsipial jurnalistlaridan biri sifatida Buxoro viloyati hayotida kechgan muhim ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, yirik bunyodkorlik ishlari va xalq turmushidagi tarixiy o‘zgarishlarni doimo voqealar markazida turib, xolis va haqqoniy yoritib bordi. Uning qalamiga mansub reportajlar, ocherklar va tahliliy maqolalar nafaqat voha, balki respublika miqyosida ham keng aks-sado berar va e’tirof etilardi. Yurt taraqqiyoti, inson taqdiri, ijtimoiy adolat va jamiyat hayotiga daxldor dolzarb mavzular ijodkor faoliyatining bosh mezoniga aylangan edi. Zabardast jurnalist sifatida u shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mohiyatini oddiy xalq tilida sodda, lo‘nda va ta’sirchan tarzda yetkazib berdi. Bu bilan u xalq va davlat o‘rtasidagi mustahkam ma’naviy ko‘prik vazifasini sharaf bilan bajardi.
Erkin Yodgorov ko‘p yillar davomida mamlakatimizning bosh axborot maskani — O‘zbekiston Milliy axborot agentligining (O‘zA) Buxoro viloyati bo‘yicha sharhlovchisi, maxsus muxbiri sifatida ham samarali mehnat qildi. Tezkorlik, aniqlik va xolislik talab etiladigan bu mas’uliyatli jabhada u viloyatning ijtimoiy-siyosiy hayotini respublika va xalqaro miqyosda keng yoritishga ulkan hissa qo‘shdi. Shu bilan bir qatorda, viloyat va respublika nashrlarida yetakchi vazifalarda ishlash jarayonida yuzlab yosh ijodkorlarga ustozlik qildi, ularga kasb sirlarini, so‘z mas’uliyatini va matbuotga sadoqatni o‘rgatdi. Uning boy hayotiy maktabi va ijodiy uslubi bugungi kunda ham ko‘plab yosh jurnalistlar uchun haqiqiy mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda.

Ustozning ko‘p yillik fidokorona mehnatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki va milliy matbuotimizni rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari davlatimiz tomonidan yuksak baholandi. 2021-yilda Prezidentimiz farmoniga muvofiq, Erkin Yodgorov yurtimizning faxrli mukofotlaridan biri — “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
"Yaxshidan bog‘ qoladi, demishlar. Sharafli ijodkordan esa el qalbida yashaydigan sof so‘z, sodiq shogirdlar va o‘chmas ma’naviy meros qoladi."
Bugun oramizda ustoz Erkin Yodgorov jismonan yo‘q bo‘lsa-da, u qoldirgan boy va serqirra ijodiy meros, milliy matbuotimiz taraqqiyoti yo‘lidagi beqiyos xizmatlari va amalga oshirgan xayrli ishlari zamondoshlari va voha ahli tomonidan chuqur hurmat-ehtirom bilan yodga olinadi. Ustozning hayot yo‘li — kasbga bo‘lgan cheksiz sadoqatning, fidoyilik va halollikning oliy namunasidir. Uning nomi va yorqin siymosi Buxoro matbuoti tarixida oltin harflar bilan muhrlanib qolgan bo‘lsa, o‘zi asos solgan ijod maktabi kelajak avlod jurnalistlari uchun yillar o‘tsa-da, o‘z qiymatini yo‘qotmaydigan hayotiy va kasbiy yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilaveradi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA