«Yapon bog‘i» nega shunday ataladi, bilarmidiz?
Issiq kunlarda inson organizmi tez charchab, lanjlikni his qiladi. Shu sababli ular poytaxtimizdagi istirohat bog‘lari sari intilishadi. Xalq orasida “park” deb ataladigan bu maskanlar nafaqat dam olish, balki shahar havosini tozalash, insonlarga ruhiy hordiq ulashish va madaniy muhit yaratishda ham muhim ahamiyatga ega.
Yapon bog‘i. Bu bog‘ nafaqat go‘zal tabiati, balki o‘ziga xos tarixi va falsafasi bilan ham e’tiborni tortadi. Bog‘ning yana bir o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, bu yerda tovus qushlarini ham uchratish mumkin.
Ushbu bog‘ tarixini va undagi yangiliklarni bilish uchun bog‘ xodimi bilan suhbatlashdim. Bir necha o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan Yapon bog‘i matbuot kotibi Kurbanova Maftunaga murojaat qildim.

- Yapon bog‘i qachon tashkil etilgan? Shuningdek, unga aynan “Yapon bog‘i” nomi berilishiga qanday omillar sabab bo‘lgan?
– «Japanes Garden Toshkent» uzoq tarixga ega. Hududni obodonlashtirish bo‘yicha dastlabki ishlar 1947-yilda bo‘sh yer o‘rnida shahar bog‘i tashkil etilganda boshlangan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘l uchun qazilgan xandak ikkinchi jahon urushidan keyin yapon harbiy asirlari tomonidan qazilgan bo‘lib, aynan shu holat “Yapon bog‘i” nomining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Zamonaviy ko‘rinishdagi bog‘ esa 2001-yil 25-avgust kuni Yaponiya elchixonasi va “O‘zekspomarkaz” ko‘magida rasman ochilgan. 1997-yil qayta ta’mir ishlari boshlanib, 2001-yil tugatilgan.

- Bog‘ni barpo etishda yapon milliy an’analari, me’moriy uslublari hamda landshaft dizaynidan foydalanilganmi va bu jihatlar uni boshqa istirohat bog‘laridan qanday ajratib turadi?
– Albatta, bog‘ni yaratishda yapon bog‘-park san’ati an’analari faol qo‘llanilgan. Bezash jarayonida Yaponiyaga xos yog‘och ko‘priklar, tosh kompozitsiyalar, choy uylari (paviloni), dekorativ suv havzalari barpo qilingan. Yapon bog‘ining asosiy xususiyati — inson va tabiat uyg‘unligi falsafasidir. Shu sababli bog‘ oddiy shahar bog‘laridan sokin muhiti, puxta o‘ylangan landshafti va har bir elementining ramziy ma’nosi bilan ajralib turadi. Bulardan biri bu kirish qismidagi yog‘och eshik hisoblanadi. Bu yomon ko‘zlardan va nazardan saqlovchi himoya vositasida ham ajralib turadigan eshik hisoblanadi.

- Bog‘dagi sun’iy ko‘l qanday tashkil etilgan? Uning ekologik, estetik va iqlimiy ahamiyati nimada hamda bog‘ ekotizimida qanday vazifalarni bajaradi?
– Bog‘ning markaziy elementi — sun’iy ko‘ldir. U urushdan keyingi yillarda yaratilgan bo‘lib, keyinchalik yapon landshaft konsepsiyasiga uyg‘unlashtirilgan. Ko‘l bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajaradi: hudud mikroiqlimini yaxshilaydi, havoni namlaydi, yozda haroratni pasaytiradi hamda qushlar va dekorativ baliqlar uchun qulay muhit yaratadi. Estetik nuqtai nazardan suv yapon bog‘ining eng muhim unsurlaridan biri bo‘lib, uyg‘unlik va hayot oqimini ifodalaydi.

- Bog‘ hududida qanday turdagi o‘simlik va daraxtlar mavjud, ularni parvarish qilish jarayoni qanday olib boriladi va kelgusida yana qanday yangi o‘simlik turlarini ekish rejalashtirilgan?
– Bog‘ hududida ignabargli daraxtlar, dekorativ butalar, sakura, zarang, qarag‘ay, archa, gullar kompozitsiyalari hamda gazon o‘simliklari o‘sadi. Parvarish ishlari: muntazam sug‘orish, sanitariya maqsadidagi butash, o‘simliklarni zararkunandalardan himoya qilish va mavsumiy landshaft yangilanishini o‘z ichiga oladi. So‘nggi yillarda ma’muriyat hududni yanada ko‘kalamzorlashtirib, Toshkent iqlimiga moslashtirilgan yangi dekorativ o‘simlik turlarini bosqichma-bosqich qo‘shmoqda.
- Poytaxt ekologiyasini yaxshilash, havoni soflashtirish va ekologik asrashda bog‘ning ahamiyati qanday? Shu maqsadda bog‘ hududida qanday ekologik tadbirlar amalga oshirilmoqda? Bog‘ning vazifasi nimadan iborat, bog‘ faqat sayr uchun emas-ku, shaharsozlikda bog‘larning ahamiyati haqida ma’lumot bersangiz.
– Yapon bog‘i poytaxt ekologik tizimida muhim o‘rin tutadi. Ko‘plab yashil daraxt va o‘simliklar havoni chang va karbonat angidriddan tozalashga, shovqin darajasini kamaytirishga va qulay shahar mikroiqlimini yaratishga yordam beradi. Bunday bog‘lar zamonaviy shaharsozlik infratuzilmasining bir qismi hisoblanadi. Ular ekologiyani yaxshilaydi, dam olish maskani bo‘lib xizmat qiladi, megapolislardagi stressni kamaytiradi va qulay shahar muhitini shakllantiradi. Bog‘da muntazam ravishda yashil hududlarni parvarish qilish, tozalash va tabiiy muvozanatni saqlash ishlari olib boriladi.
- Bog‘ hududida oilaviy hordiq, bolalar dam olishi, piknik tashkil etish hamda foto-video suratga olish uchun qanday sharoitlar yaratilgan? Bu borada qanday tartib-qoidalar amal qiladi?
– Bog‘ hududida oilaviy dam olish, bolalar bilan sayr qilish, sokin piknik va fotosessiyalar uchun qulay sharoit yaratilgan. Ayniqsa, chiroyli ko‘priklar, ko‘l va yapon uslubidagi me’morchilik sababli to‘y va mavzuli fotosessiyalar qilinadi. Tashrif buyuruvchilar uchun sayr yo‘laklari, dam olish zonalari va ayvonlar jihozlangan. Shu bilan birga, ayrim qoidalar ham amal qiladi: o‘simliklarga zarar yetkazish, chiqindi tashlash, ko‘lda cho‘milish va jamoat tartibini buzish taqiqlanadi.
- Bog‘ hududida xavfsizlik, tozalik va tartib-intizomni ta’minlash uchun qanday choralar ko‘rilgan? Jumladan, kuzatuv kameralari, chiqindilarni saralash tizimi va tashrif buyuruvchilar tomonidan eng ko‘p buziladigan qoidalar haqida ma’lumot bersangiz.
- Bog‘da xavfsizlik va tartibni ta’minlash maqsadida xodimlar va qo‘riqlash xizmati tomonidan doimiy nazorat olib boriladi, shuningdek videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Hududda axlat qutilari va chiqindi konteynerlari mavjud. Tashrif buyuruvchilar tomonidan eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklar — qushlarni ruxsat etilmagan joylarda boqish, gazonlarga zarar yetkazish, chiqindi qoldirish va yopiq dekorativ hududlarga kirishga urinishdir. Ma’muriyat muntazam ravishda tozalik va obodonlashtirish ishlarini olib boradi.
- Bog‘da uy hayvonlari bilan sayr qilishga ruxsat beriladimi? Agar cheklovlar mavjud bo‘lsa, buning asosiy sabablari nimalardan iborat?
– Uy hayvonlari bilan sayr qilish bog‘ning ichki qoidalariga ko‘ra ayrim hududlarda cheklanishi mumkin, ayniqsa dekorativ kompozitsiyalar va erkin yuruvchi qushlar mavjud joylarda. Bunday cheklovlarning asosiy sabablari: tozalikni saqlash, o‘simliklarni himoya qilish va boshqa tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlashdir. Tashrifdan oldin amaldagi qoidalarni ma’muriyatdan aniqlashtirish tavsiya etiladi.
- Yapon bog‘iga mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarning qiziqishi qanday? Yil davomida tashrif buyuruvchilar soni o‘rtacha qanchani tashkil etadi?
– Yapon bog‘i (Japanes Garden) Toshkentdagi eng mashhur dam olish maskanlaridan biri bo‘lib, mahalliy aholi hamda xorijiy sayyohlar orasida katta qiziqish uyg‘otadi. Ayniqsa, bahor va kuz mavsumida tashrif buyuruvchilar soni ko‘payadi. Sayyohlarni O‘zbekiston poytaxti markazidagi yapon madaniyati va tabiatining o‘ziga xos uyg‘unligi jalb qiladi. Yillik tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha aniq rasmiy statistika kam e’lon qilinadi, biroq bog‘ muntazam ravishda shaharning eng ko‘p tashrif buyuriladigan yashil hududlari qatoriga kiradi. Bizning eshigimiz hamma uchun ochiq va biz dam oluvchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishdan va ularning madaniy hordiq olib, zavqlanishidan doimo mamnunmiz.
- Kelajakda Yapon bog‘ini obodonlashtirish, kengaytirish va yanada rivojlantirish bo‘yicha qanday istiqbolli loyihalar yoki yangi hududlar tashkil etish rejalashtirilgan?
– Biz bu bog‘ning qadimiyligi va betakror asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratamiz. Bog‘ hududiga yangi turdagi o‘simlik va daraxtlar ekish ishlari ham olib boriladi. Bu jarayon asosan Yaponiya elchixonasi tashabbusi va hamkorligi asosida amalga oshiriladi. Shu bois bog‘ nafaqat dam olish maskani, balki ikki xalq o‘rtasidagi madaniy do‘stlik ramzi sifatida ham qadrlanadi.
Hozirgi kunda bog‘da qadimiy va yosh o‘simlik turlarini uchratish mumkin. Jumladan, ajdaho daraxti, sakura va boshqa manzarali daraxtlar bu maskanga o‘zgacha husn bag‘ishlab turadi. Ayniqsa, bahor faslida bog‘dagi ko‘plab daraxt va gullarning ochilishi atrofga yanada chiroy va fayz baxsh etadi. Sakura gullagan paytda esa bog‘ go‘yo ertaknamo manzaraga aylanadi. Shu sababli bu yer nafaqat sayr qilish, balki tabiat go‘zalligidan zavqlanish va suratga tushish uchun ham sevimli maskanlardan biri hisoblanadi.
Bog‘ning tungi manzarasi ham o‘ziga xos jozibaga ega. Bu yerda yapon uslubidagi chiroyli fonuslar o‘rnatilgan bo‘lib, ular kechki payt boqqa yanada fayz va sokinlik baxsh etadi. Yorqin va nafis bezaklar ostida bog‘ sharqona muhitni eslatadi. Ayniqsa, tungi yoritgichlar ko‘l va daraxtlar manzarasi bilan uyg‘unlashib, tashrif buyuruvchilarga unutilmas taassurot qoldiradi. Shu sababli Yapon bog‘i nafaqat kunduzgi sayr, balki kechki hordiq uchun ham eng go‘zal maskanlardan biri sanaladi.
Darvoqe bog‘ning ish vaqti kunduzgi 10 dan kechki 20:00 gacha.
ToshDO‘TAU talabasi
Roza Qurbonova tayyorladi