Inson kapitaliga investitsiyalar – Markaziy Osiyo kelajagining asosi
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabatlar bilan cheklanib qolmay, ta’lim, mehnat bozori va inson kapitalini rivojlantirish kabi strategik yo‘nalishlarni ham qamrab olmoqda. Ayniqsa, mintaqada aholi sonining o‘sishi, iqtisodiyot tarmoqlarining modernizatsiya qilinishi va yangi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda.
Qayd etish kerakki, joriy yilning 8-oktabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish taklifi mehnat bozoridagi ehtiyojlarni oldindan aniqlash, ta’lim tizimini iqtisodiyot talablariga moslashtirish hamda yoshlar uchun munosib bandlik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgani bilan e’tiborga molik.
Xo‘sh, mazkur tashabbus Markaziy Osiyo davlatlari uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratadi? Mintaqaviy mehnat bozorini muvofiqlashtirish, zamonaviy kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash va inson kapitalini rivojlantirishda uning strategik ahamiyati nimalarda namoyon bo‘ladi?
Ushbu savollar yuzasidan O‘zA muxbiri Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Samandar Ismoilov fikrlarini yozib oldi.

– Avvalo, ta’kidlash joizki, Turkmanistondagi sakkizinchi Maslahat uchrashuvida davlatimiz rahbari talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
Prezidentimizning ushbu taklifi mehnat bozori ehtiyojlarini prognoz qilish hamda iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash borasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan yondashuvni shakllantirishga qaratilgan. Atlas talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha milliy prognozlarni birlashtirish, ta’lim dasturlarini mintaqa davlatlarining real ehtiyojlariga oldindan moslashtirish imkonini beradi.
Mazkur tashabbus Markaziy Osiyodagi demografik tendensiyalar nuqtai nazaridan alohida dolzarblik kasb etmoqda. Bugungi kunda mintaqaning beshta mamlakati aholisi 83 million nafardan oshgan bo‘lib, BMT taxminiga ko‘ra, 2040-yilga borib 100 million nafardan ortishi mumkin. Shu bilan birga, aholi tarkibida yoshlar ulushining yuqoriligi kelgusida iqtisodiy rivojlanish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Biroq demografik o‘sishning o‘zi aholi farovonligi oshishini kafolatlamaydi. Bunda mamlakatlarning yosh avlodni zamonaviy bilimlar, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar va samarali bandlik imkoniyatlari bilan ta’minlash salohiyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, Mintaqaviy atlasning strategik ahamiyati kadrlar tayyorlashni asosan milliy darajada rejalashtirishdan butun Markaziy Osiyoning kelgusi taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan kasbiy kompetensiyalarga ehtiyojni birgalikda prognoz qilish tizimiga o‘tishda namoyon bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda mintaqa o‘lkalarida kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, asosan, milliy darajada, turli metodologiyalar va rejalashtirish muddatlari asosida baholanmoqda. Bunda qo‘shni davlatlar mehnat bozorlarining ehtiyojlari cheklangan darajada inobatga olinmoqda. Mehnat mobilligi yuqori bo‘lgan va qo‘shma iqtisodiy loyihalar ko‘lami kengayib borayotgan sharoitda mazkur holat mutaxassislar tayyorlash jarayonini mintaqaviy talabning ortib borishi bilan muvofiqlashtirishni murakkablashtirmoqda.
Bu ayniqsa, sanoat kooperatsiyasining chuqurlashuvi, transport yo‘laklari, energetika infratuzilmasi va raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi sharoitida muhim ahamiyatga ega. Yirik transchegaraviy loyihalarning amalga oshirilishi muhandislar, texnologlar, logistika, energetika, axborot texnologiyalari hamda zamonaviy ishlab chiqarishni boshqarish bo‘yicha mutaxassislarga talabning ortishi bilan kechadi.
Shu munosabat bilan, Atlasdan amaliy foydalanishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri “loyiha ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash” tamoyilini joriy etish bo‘lishi mumkin. Mazkur tamoyil qo‘shma korxonalar va infratuzilma ob’ektlarining bevosita ehtiyojlaridan kelib chiqib mutaxassislar tayyorlashni nazarda tutadi. Bunday yondashuv yirik loyihalarni rejalashtirish bosqichidayoq zarur kasbiy malakalar, mutaxassislar soni va ularni tayyorlash muddatlarini belgilash imkonini beradi.
Bunda taklif etilayotgan mexanizmning aynan mintaqaviy xususiyati alohida ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo davlatlari bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiy imkoniyatlar va tarmoq ixtisoslashuviga ega. Milliy prognozlarni birlashtirish nafaqat kadrlarga bo‘lgan umumiy ehtiyojlarni aniqlash, balki qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish hamda bir nechta davlat ishtirokidagi loyihalar uchun mutaxassislar tayyorlash imkonini ham yaratadi.
Bundan tashqari, mazkur model O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “olti iqtisodiyot – bir mahsulot” sanoat kooperatsiyasi konsepsiyasiga bevosita mos keladi. Mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish o‘zaro uyg‘un kasbiy standartlar hamda yagona texnologik tizim doirasida ishlashga qodir malakali kadrlar mavjudligini taqozo etadi.
Shu bilan birga, dastlab mintaqaviy sanoat kooperatsiyasining ikki-uchta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Atlasning pilot variantini ishlab chiqish, bunda kasblarning milliy klassifikatorlarini xalqaro standartlar bilan qiyoslashni nazarda tutish maqsadga muvofiq. Bunday yondashuv Markaziy Osiyo mamlakatlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini prognoz qilish uchun umumiy metodologik asosni bosqichma-bosqich shakllantirish imkonini beradi.
Istiqbolda Mintaqaviy atlas iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi yagona kasbiy imkoniyatlar makonini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkin. Shu tariqa, inson kapitalini rivojlantirish nafaqat iqtisodiy o‘sish omiliga, balki Markaziy Osiyo davlatlarining uzoq muddatli yaqinlashuvi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashning qo‘shimcha asosiga aylanadi.
O‘.Alimov, O‘zA