Markaziy Osiyo: ishonch va hamkorlikka asoslangan yangi siyosiy muhit
Tashqi siyosatdagi strategik yo‘nalishlar va mintaqaviy hamkorlik masalalari bugun nafaqat siyosatchilar, balki keng jamoatchilik e’tiborida turgan eng muhim mavzulardan biridir. Istiqlol yillarida O‘zbekistonning tashqi siyosiy yo‘li ikkita farqlanuvchi davrni boshdan kechirdi. Mustaqillikning ilk davridan 2017-yilgacha bo‘lgan bosqich asosan ehtiyotkorlik va vazminlik siyosati bilan tavsiflangan bo‘lsa, 2017-yildan boshlangan yangi davrda mamlakat tashqi dunyo, avvalo, o‘z qo‘shnilari bilan munosabatlarini mustahkamlab oldi. Bugun Toshkent Markaziy Osiyodagi geosiyosiy jarayonlar va mintaqaviy integratsiyaning haqiqiy bosh drayveriga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qayd etish kerakki, azaldan mintaqamiz xalqlarining tomirlari bir-biriga tutashib ketgan yagona madaniy, etnik va tarixiy makon bo‘lib kelgan. Bu yerda yashagan qardosh millatlar asrlar davomida yagona iqtisodiy va madaniy muhitda chambarchas qarindoshlik rishtalari bilan ahil-inoq umrguzaronlik qilgan.

Biroq o‘tmishdagi “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” siyosati, xususan, 1924–1925-yillardagi milliy-hududiy chegaralash ushbu yaxlitlikka jiddiy putur yetkazdi. Yonma-yon yashab kelgan millatlar sun’iy chegaralar bilan ajratib qo‘yildi. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysidagi So‘x, Vorux, Shohimardon kabi anklavlar va noaniq chegara chiziqlari kelajakda doimiy nizo va ijtimoiy zo‘riqish keltirib chiqaruvchi “mina” sifatida qoldirildi.
Mustaqillikning dastlabki o‘n yilliklarida saqlanib qolgan yopiqlik va o‘zaro ishonchsizlik siyosati bu ahvolni yanada og‘irlashtirdi. Chegaralarning minalashtirilishi va qat’iy viza rejimlari sababli yaqin qarindoshlar 10-15 yillab bir-birini ko‘ra olishmadi, to‘y-ma’rakalarda ham diydorlashish imkonidan mahrum bo‘lishdi. Anklavlar atrofida sun’iy to‘siqlar va fojiali holatlar kuzatildi. Bunday izolyatsiya va ichki bo‘linish geosiyosiy jihatdan butun Markaziy Osiyoni zaiflashtirib, tashqi kuchlar uchun mintaqa ustidan o‘z manfaatlarini yuritish imkonini berdi.
Mustaqil va turli manfaatlarga ega davlatlarni yagona maqsad atrofida birlashtirish juda murakkab jarayondir. Lekin Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va “avvalo qo‘shnilar” tamoyili mintaqada “devor emas, ko‘prik barpo etish” g‘oyasini haqiqatga aylantirdi.
Dunyo diplomatiyasi tajribasida yangi saylangan davlat rahbarlari odatda o‘zlarining ilk rasmiy tashrifini global kuch markazlariga amalga oshirishadi. Ammo davlatimiz rahbari 2017-yilning 6-7-mart kunlari ilk davlat tashrifini aynan qo‘shni Turkmanistonga amalga oshirib, butun xalqaro hamjamiyatga aniq va ochiq signal berdi: O‘zbekiston uchun eng ustuvor manzil – bu yirik kuch markazlari emas, aynan o‘z qardoshlari va yaqin qo‘shnilaridir.
Ushbu pragmatik va ochiq siyosiy iroda sababli qisqa fursatda mintaqaviy munosabatlar iqlimi butunlay o‘zgardi. 2018-yilda Tojikiston bilan chegaradagi o‘n yillab saqlanib kelingan minalar to‘liq tozalandi hamda 30 kungacha vizasiz rejim joriy etildi. Qozog‘iston bilan 90 kungacha vizasiz rejim va Qirg‘iziston bilan ID-karta orqali chegaradan erkin o‘tish yo‘lga qo‘yildi. Chegaralar ochilgan ilk kunlarda o‘n yillab bir-birini ko‘rmagan odamlarning diydorlashuvi, chegara o‘tkazish punktlarida tojik, o‘zbek va qirg‘iz oilalarining bayram qilib osh damlaganlari butun jahon OAVlarida ta’sirli voqea sifatida yoritilganini bugun ko‘pchilik jud yaxshi eslaydi.
Uzoq yillik chegara nizolariga barham berilib, 2025-yil mart oyida uch davlat - Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaralari kesishgan nuqtada “Do‘stlik stellasi” o‘rnatilishi tarixiy voqeaga aylandi. Hozirda o‘zaro qo‘shnichilik va savdo aloqalarini ta’minlash maqsadida o‘lkamiz bilan qo‘shni davlatlar o‘rtasida 30 dan ortiq bojxona postlari samarali ishlab turibdi.
Olib borilgan ochiqlik siyosati va transport-turizm infratuzilmasining rivojlanishi natijasida odamlarning o‘zaro bordi-keldisi va turistik oqimi misli ko‘rilmagan darajada ortdi. Masalan, 2026-yilning dastlabki 8 oyida aynan turistik va tashrif maqsadlarida Qirg‘izistondan 2,5 million, Qozog‘iston va Tojikistondan 2 milliondan ortiq, Turkmanistondan esa 224 mingdan ziyod fuqaro yurtimizga tashrif buyurdi.
Iqtisodiy va savdo sohasidagi ko‘rsatkichlar ham zafarli odimlardan dalolat beradi. 2016-yilda mintaqaviy savdo ko‘rsatkichi atigi 2,4 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga ko‘ra diyorimizning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdosi rekord darajaga - 7,7 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning dastlabki 7 oyida esa mintaqalararo o‘zaro savdo yana 25,4 foizga oshib, 8,1 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Dunyo hamjamiyati tomonidan pragmatik diplomatiyaning yorqin namunasi sifatida keng e’tirof etilgan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tarixiy tashabbusni alohida ta’kidlash joiz. Aynan ushbu tashabbus asosida 2018-yildan beri muntazam o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy muammolarni tashqi vositachilarsiz, o‘zaro samimiy muhitda hal etishning noyob hamda mustahkam mexanizmiga aylandi.
Turkmanistonda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiquvchi kompleks tashabbuslarni ilgari surdi. So‘nggi yillarda mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit qaror topdi: yetakchilar tez-tez uchrashib, dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilmoqda va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash orqali samarali yechimlar topmoqda. Bu borada “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma”ning tuzilishi mintaqani xalqaro maydonda yanada ishonchli va jipslashgan kuch sifatida namoyon etgan tarixiy voqeaga aylandi. Maslahat uchrashuvlarining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish orqali bu ijobiy o‘zgarishlarni kelgusi o‘n yilliklar davomida barqaror qilish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Iqtisodiy sohada oddiy savdo-sotiqdan sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tish, ya’ni 2035-yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dastur asosida “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” tamoyili bo‘yicha qo‘shma qiymat zanjirlarini yaratish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu maqsadda qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus platforma yaratish va 2027-yilda Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish taklif etildi. Shuningdek, mintaqani global savdoning yirik quruqlikdagi markaziga aylantirish uchun Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengash tuzishni tezlashtirib, uning ilk majlisini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.
Energetika va ekologiya yo‘nalishida kam uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiya tayyorlash, suv resurslaridan foydalanishda “Amaliy chora-tadbirlar o‘n yilligi”ni amalga oshirish, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish hamda suv masalalarida Afg‘oniston bilan mintaqa davlatlari manfaatlariga mos doimiy muloqot o‘rnatish muhimligi ko‘rsatildi. Raqamli va ijtimoiy sohalarda esa Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyans va ularning yagona raqamli xaritasini tuzish, Umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish hamda mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, istiqbolli kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish belgilandi.
Umuman olganda, Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosiy doktrinasi pragmatizm, ochiqlik va milliy manfaatlarni mintaqaviy barqarorlik bilan uyg‘un holda ustuvor deb bilish tamoyillariga asoslangan. Davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvidagi nutqida ta’kidlaganidek: “So‘nggi yillarda biz ko‘p narsaga erishdik. Endi bu o‘zgarishlarni mustahkamlash va hamkorligimizni kelgusi o‘n yilliklar davomida barqaror qilish muhimdir. Formula oddiy: taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch. Kelgusi avlodlarga qanday mintaqa qoldirishimiz uchun javobgarmiz. U tinch, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan kuchli bo‘lishi va odamlarga munosib yashash, mehnat qilish, o‘qish hamda farzandlarni voyaga yetkazish imkoniyatlarini berishi kerak”.
Bugun O‘zbekiston yetakchisi nafaqat mamlakatimiz, balki BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti va MDH kabi nufuzli minbarlarda butun Markaziy Osiyo xalqlarining ovozi va manfaatlarini baralla ifoda etmoqda. Mintaqamiz endi qog‘ozdagi kelishuvlar hududi emas, barqaror rivojlanish va odamlar hayotini yaxshilash uchun imkoniyatlar birgalikda ishga solinadigan yagona va ahil makondir.
Sherali MAMADESOEV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati