Inflyatsiyani hisoblash tartibi yangilandi
2026 yilning yanvar oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi iste’mol narxlari indeksini (INI) hisoblashning yangilangan metodologiyasini joriy etdi. Ushbu yangilik inflyatsiya ko‘rsatkichlarini xalqaro standartlar asosida yanada aniq hisoblash imkonini beradi.
Milliy statistika qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, metodologiya Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan. Asosiy o‘zgarishlardan biri — narxlar bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish davrining uzaytirilishi bo‘ldi. Endi ma’lumotlar har oyning 1 sanasidan 25 sanasigacha yig‘iladi. Ilgari bu muddat 11 kalendar kunni tashkil etar edi.
Yangilangan tartibga ko‘ra, 2026 yilda iste’mol narxlari indeksi 517 ta tovar va xizmat pozitsiyasi asosida hisoblanadi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7 ta yangi pozitsiya qo‘shilganini anglatadi. Jumladan, nodavlat maktablarda ta’lim olish, striming servislar, messenjer va sun’iy intellekt xizmatlariga pullik obunalar, transport vositalari hamda elektrosamokatlarni ijaraga berish xizmatlari ro‘yxatga kiritildi.
Shuningdek, ilgari hisob-kitobda qamrab olinmagan qator xarajat turlari ham inobatga olina boshlandi. Ular orasida ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilish, davlat xizmatlari, akvapark xizmatlari, mebel va gilamlarni ijaraga berish, musiqa, raqs va fotografiya bo‘yicha ta’lim xizmatlari mavjud.
Hisob-kitoblar aniqligini oshirish maqsadida ayrim tovar guruhlari batafsil tasniflanmoqda. Xususan, benzin narxlari endilikda AI-92, AI-95, AI-98 va AI-100 markalari kesimida hisoblanadi. Toshko‘mir narxlari esa tartibga solinadigan va bozor narxlariga ajratiladi.
Bundan tashqari, 2026 yil yanvaridan iste’mol narxlari indeksini hisoblash formulasi ham o‘zgartirildi. Ilgari qo‘llanilgan modifikatsiyalangan Laspeyres formulasi o‘rniga XVJ tavsiya etgan, xalqaro qo‘llanmalarda aks etgan modifikatsiyalangan arifmetik Young formulasi joriy etildi.
Mazkur yangilangan metodologiya asosidagi hisob-kitoblar 2026 yil fevral oyidan boshlab amaliyotga tatbiq etiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA