Germaniyaga eksport ikki barobarga ko‘paydi (+video)
2025-yil yakunlari bo‘yicha Germaniyaga eksport hajmi qariyb 15 million dollarni tashkil etgan. Bu esa avvalgi yilga nisbatan ikki barobar ko‘p deganidir. Lekin ushbu yurtda hali-hamon ishga solinmagan imkoniyatlar ham mavjud. Masalan, Bavariya Germaniyaning eng rivojlangan va iqtisodiy barqaror hududlaridan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda ushbu hudud bilan savdo aloqalarimiz yangi ma’no-mazmun kasb etmoqda. Shu bilan birga ushbu mamlakatda mahsulot yetkazib berishning o‘z tartib-taomillari bor.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan Germaniyada tashkil etilgan “Study tour” dasturining maqsadi ham shu –tadbirkorlarimizning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish. Unda yurtimizdan 30 dan ortiq eksportchi korxona vakillari ishtirok etmoqda. Maqsad O‘zbekiston mahsulotlarining eksporti hajmini oshirishdir.
“Study tour” dasturi doirasida tadbirkorlarimiz Germaniyaning yirik ulgurji bozorlari va chakana savdo tarmoqlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Jumladan, Myunxen ulgurji bozorida mahsulotlarni saqlash, sertifikatlash va kuzatuv tizimlari o‘rganildi.
-Mana bu qo‘limdagi qovun bir martalik iste’molga zo‘r, o‘zimizning “torpedo” navining kichik bir ko‘rinishi, - deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Markaziy eksport shtabi rahbari o‘rinbosari Shahzod Turg‘unboyev.
– Bu mahsulot to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kosta-Rikadan kelgan va bir kilogrammi 26 ming so‘m. Asosan qovun, tarvuzlar bu yerda kichik-kichik hajmda sotiladi va iste’mol qilinadi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yilda O‘zbekistondan eksport qilingan 100 dan ortiq jo‘natmalardan 10 dan ziyod namuna olingan. Laboratoriya tekshiruvlari yurtimiz mahsulotlari Yevropa talablariga to‘liq mos ekanligini tasdiqlagan.
Yevropa bozorida muvaffaqiyatga erishishning asosiy omili- uzluksiz sifat ustida ishlash, aniq standartlarga amal qilish va hamkorlikni mustahkamlashdir. Bugun ana shu talablarga rioya qilgan holda o‘zbek mahsulotlari ushbu bozorda o‘z o‘rnini topmoqda. Bunday seminarlar esa tadbirkorlar uchun xalqaro bozorda ishonch qozonishning aniq strategiyasini belgilab beradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lisUITfoX8U" title="Germaniyaga eksport ikki barobarga ko‘paydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA