Imkoniyatlar yurtdoşlarimizning öz kuçiga bölgan işonçlarini yanada oşirmoqda
Prezidentimiz taşabbusi bilan mamlakatimizda inson qadrini uluğlaş, ijtimoiy himoya tizimini takomillaştiriş, ehtiyojmand fuqarolarni har tomonlama qöllab-quvvatlaş va ularning jamiyatda munosib örin egallaşi uçun zarur şaroitlar yaratişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu boradagi islohotlarning muhim jihati şundaki, ijtimoiy xizmatlar endi faqat yordam körsatiş bilan çeklanmay, insonning imkoniyatlarini röyobga çiqariş, uni mustaqil hayotga qaytariş va bandligini taʼminlaşga ham yönaltirilmoqda.
Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi “Imom Buxoriy” mahallasida amalga oşirilayotgan işlar ham buning amaliy ifodasidir. Mahallada 3 ming 941 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 68 nafari nogironligi bölgan şaxslar hisoblanadi. Mahalla ijtimoiy xodimi Gulşod Elova tomonidan uşbu fuqarolarning ehtiyoj va imkoniyatlarini örganiş, mavjud muammolarini hal etiş, jamiyat hayotida faol iştirok etişlari uçun zarur kömak körsatiş işlari olib borilmoqda.
Ana şunday eʼtibor va individual yondaşuv tufayli hayotida yangi sahifa oçgan fuqarolardan biri — II guruh nogironligi bölgan Ozoda Aldaşova. U bir neça yil avval oğir xastalikni boşdan keçirib, murakkab jarrohlik amaliyotini ötkazgan. Bu sinovlar uning hayotida jiddiy özgarişlarga sabab böldi. Biroq Ozoda hayot qiyinçiliklari oldida taslim bölişni istamadi. Yana mehnat qiliş, öz qobiliyatini namoyon etiş, jamiyat hayotida faol iştirok etiş istagi uni yangi imkoniyatlar sari undadi. Şu maqsadda mahalla ijtimoiy xodimi Gulşod Elovaga murojaat qildi.
Dastlab Ozodaning qiziqişlari, qobiliyati va mavjud imkoniyatlari örganildi. Uning ehtiyojlaridan kelib çiqib, individual yondaşuv asosida ijtimoiy xizmatlar taşkil etildi. Jismoniy faolligini oşiriş va muloqot doirasini kengaytiriş maqsadida adaptiv sport maşğulotlariga jalb qilindi, şaxmat tögaragiga yönaltirildi. Şuningdek, zamonaviy kasblarni egallaşi va raqamli könikmalarini rivojlantirişi uçun kompyuter grafikasi yönalişida tahsil olişiga kömaklaşildi.
Bu bilan çeklanilmadi. Ozodaning mustaqil daromad topişi, mehnat bozorida öz örnini egallaşi va jamiyatga integratsiyalaşuvi uçun zarur huquqiy xizmatlar ham körsatildi. Natijada uning bandligini taʼminlaşga erişildi. Bugun Ozoda Aldaşova “Imom Buxoriy” mahallasida bank agenti sifatida faoliyat yuritmoqda.
Eʼtiborlisi, u asosiy iş faoliyati bilan bir qatorda ijodiy qobiliyatini ham rivojlantirib kelmoqda. Böş vaqtlarida buyurtma va xaridorlarning talab-istaklaridan kelib çiqib, turli taqinçoqlar hamda bezak buyumlari tayyorlaydi. Bu maşğulot nafaqat uning qiziqişlarini röyobga çiqariş, balki qöşimça daromad oliş imkoniyatini ham kengaytirmoqda.

Ozodaning bugungi hayotiga nazar taşlar ekansiz, ijtimoiy himoyaning haqiqiy samarasi insonga faqat moddiy yordam berişda emas, balki uning içki salohiyatini kaşf etiş, öz kuçiga işonçini mustahkamlaş va mustaqil hayot keçirişiga şaroit yaratişda namoyon bölişini anglaysiz.
Zero, har bir insonning orzu-intilişlari, qobiliyati va hayotda öz örnini topişga bölgan huquqi bor. Nogironligi bölgan şaxslarning taʼlim olişi, kasb egallaşi, mehnat qilişi va jamiyat hayotida teng iştirok etişi uçun imkoniyat yaratiş esa ijtimoiy siyosatning eng muhim vazifalaridan biridir.
Ozoda Aldaşovaning hayot yöli ana şu imkoniyatlar inson taqdirida qanday ijobiy özgarişlar yasaşi mumkinligini körsatadi. Eng muhimi, u bugun yordamga muhtoj inson sifatidagina emas, balki öz mehnati, intilişi va qobiliyati bilan jamiyat hayotiga hissa qöşayotgan faol fuqaro sifatida namoyon bölmoqda.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri