Imkoniyatdan taraqqiyot sari: Yangi O‘zbekiston ayoli fenomeni
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida jamiyatning ma’naviy, intellektual va ijtimoiy tayanchi bo‘lgan xotin-qizlarning o‘rni yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Zamonaviy bilimga ega, o‘z huquqini biladigan, tashabbus ko‘rsatadigan va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan minglab xotin-qizlarning faoliyati “Yangi O‘zbekiston ayoli” degan yangi ijtimoiy fenomenni shakllantirmoqda.
Tarixning har bir davri jamiyat taraqqiyotini belgilab bergan o‘ziga xos timsollarni yaratadi. Bir zamonlar bunyodkorlik timsoli ulkan inshootlar bo‘lgan bo‘lsa, bugungi zamonaviy dunyoda taraqqiyot mezoni insonning qadri, uning bilim va salohiyati bilan o‘lchanmoqda. Inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa ayolning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki ayol faqat oilaning emas, balki millatning ma’naviy, intellektual va ijtimoiy tayanchidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida “Yangi O‘zbekiston ayoli” degan yangi ijtimoiy fenomen shakllanmoqda. Bu ibora shunchaki chiroyli ta’rif emas. U zamonaviy bilimga ega, o‘z huquqini biladigan, tashabbus ko‘rsatadigan, jamiyat hayotidagi jarayonlarga befarq bo‘lmagan va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan minglab xotin-qizlarning umumlashgan timsolidir. Bugungi o‘zbek ayoli endi faqat oila doirasidagi mas’uliyat bilan chegaralanmaydi. U ilm-fan bilan yangi izlanishlar olib bormoqda, ishlab chiqarish korxonalarini boshqarmoqda, innovatsion loyihalarni amalga oshirmoqda, jurnalistik surishtiruvlar qilmoqda, xalqaro maydonlarda vatanimiz sha’nini munosib himoya qilmoqda. Eng muhimi, u o‘z muvaffaqiyatini jamiyat manfaatlari bilan uyg‘unlashtirishni uddalay olmoqda.
Bu o‘zgarishlarning zamirida esa puxta o‘ylangan davlat siyosati turibdi. Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ta’lim olishi, bandligini ta’minlash, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish ustuvor vazifaga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar ayollarni qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimini shakllantirdi. Bu tizimning eng muhim jihati shundaki, u ayolni yordam kutayotgan inson sifatida emas, balki taraqqiyotning faol bunyodkori sifatida ko‘radi.
Bugun mamlakatimizning istalgan hududiga borsangiz, bu o‘zgarishlarni oddiy insonlar hayotida ko‘rasiz. Kecha oliy ta’limga kirishni orzu qilgan qiz bugun yosh olima. Bir paytlar kichik tikuv sexini ochgan tadbirkor ayol bugun o‘nlab insonlarni ish bilan ta’minlayotgan korxona rahbari. Qishloq maktabida faoliyat boshlagan yosh pedagog bugun zamonaviy metodikalarni joriy etayotgan ustozga aylangan. Bu misollar alohida voqealar emas, balki mamlakatda kechayotgan chuqur ijtimoiy o‘zgarishlarning amaliy ifodasidir.
Ammo har qanday islohotning muvaffaqiyati faqat huquqiy asos bilan emas, jamiyat tafakkurining yangilanishi bilan ham belgilanadi. Shuning uchun bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri – ayolning jamiyatdagi o‘rni haqidagi eskicha qarashlarni zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqishdir. Zero, bilim, iste’dod, tashabbus va fidoyilikning jinsi bo‘lmaydi. Ana shu haqiqat tobora chuqurroq anglanayotganining o‘zi Yangi O‘zbekistonning eng muhim yutuqlaridan biridir. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash alohida yo‘nalish emas, balki barcha islohotlarni birlashtirib turuvchi ustuvor tamoyillardan biridir. So‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, davlat dasturlari ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlash, bandlikni oshirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Bugun mamlakatimizdagi xotin-qizlarning oliy ta’lim bilan qamrab olinishi yildan-yilga ortib bormoqda. Ilm olishni istagan yosh xotin-qizlar uchun grantlar, imtiyozli ta’lim kreditlari, malaka oshirish dasturlari va xorijda tahsil olish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu esa jamiyatning intellektual salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Chunki bilimli ayol nafaqat o‘z hayotini, balki oilasi va kelajak avlodning taqdirini ham o‘zgartira oladi.
Iqtisodiyotda ham yangi tendensiya shakllanmoqda. Avvallari asosan ayrim sohalarda faoliyat yuritgan ayollar bugun sanoat, axborot texnologiyalari, eksport, xizmat ko‘rsatish va innovatsion biznes yo‘nalishlarida ham muvaffaqiyat qozonmoqda. Ular yangi ish o‘rinlari yaratmoqda, mahalliy iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shmoqda, xalqaro bozorlarda milliy mahsulotlarimizni tanitmoqda. Bu esa ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatning amaliy samarasini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Davlat boshqaruvi tizimida ham sifat jihatidan yangi bosqich boshlandi. Bugun mas’ul lavozimlarda ishlayotgan, muhim qarorlar qabul qilayotgan, hududlar rivojiga hissa qo‘shayotgan ayollar soni ortib bormoqda. Bu jarayon jamiyatda “rahbarlik faqat erkaklarga xos” degan eskicha qarashlarning asta-sekin barham topayotganidan dalolat beradi. Zamonaviy boshqaruv tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mas’uliyat, halollik, tashabbuskorlik va professional yondashuv jinsga emas, shaxsning bilim va salohiyatiga bog‘liq.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanadi. Chunki media jamiyat tafakkurini shakllantiradigan eng ta’sirchan institutlardan biridir. Bugungi jurnalistika ayollar mavzusini faqat tantanali tadbirlar yoki bayram tabriklari doirasida emas, balki ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sifatida yoritishi zarur. Muvaffaqiyatga erishgan olimalar, shifokorlar, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, jurnalistlar va muhandislarning hayot yo‘li keng yoritilgani sayin, yosh avlod uchun yangi orzular va yangi maqsadlar paydo bo‘ladi.
Biroq erishilgan natijalar bilan kifoyalanish mumkin emas. Gender tenglikni ta’minlash — bu bir martalik vazifa emas, balki uzluksiz davom etadigan jarayon. Jamiyat taraqqiy etgan sari yangi ehtiyojlar, yangi kasblar va yangi chaqiriqlar paydo bo‘ladi. Demak, ayollarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirishi, ilmiy va innovatsion faoliyatdagi ishtirokini yanada kengaytirish kelgusidagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Har qanday islohotning eng katta bahosi — uning inson hayotida qanday iz qoldirgani bilan o‘lchanadi. Bugun mamlakatimizning turli hududlarida yashayotgan minglab xotin-qizlarning hayotiga nazar tashlasak, ularning taqdiri o‘zgarayotgani, orzulari maqsadga aylanayotgani va bu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini ko‘ramiz. Ana shu o‘zgarishlar Yangi O‘zbekistonning eng katta yutug‘idir.
Bugun ayol faqat oilaning tayanchi emas, balki mamlakat taraqqiyotining faol ishtirokchisidir. U parlament minbarida ham, ilmiy laboratoriyada ham, zamonaviy korxonalarda ham, axborot maydonida ham o‘zining bilim va salohiyatini namoyon etmoqda. Ayniqsa, jurnalistika sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning safi tobora kengayib, ular jamiyatni o‘ylantirayotgan muammolarni dadil ko‘tarayotganlari, jamoatchilik fikrini shakllantirishda faol ishtirok etayotganlari quvonarlidir. Bu esa so‘z erkinligi va fuqarolik jamiyati rivojining muhim belgilaridan biridir.
Shu bilan birga, bugungi kun yangi vazifalarni ham oldimizga qo‘ymoqda. Endi asosiy e’tibor erishilgan natijalarni saqlab qolish emas, balki ularni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilishi lozim. Xususan, qizlarning muhandislik, sun’iy intellekt, biotexnologiya, ekologiya va boshqa yuqori texnologiyali yo‘nalishlardagi ishtirokini kengaytirish, ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro ilmiy va professional maydondagi faolligini oshirish dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Bundan tashqari, gender tenglik faqat davlat siyosati bilangina emas, jamiyatning o‘z munosabati bilan ham qaror topadi. Oila, mahalla, ta’lim muassasalari, nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari bu jarayonning faol ishtirokchisiga aylanishi zarur. Chunki qonun imkoniyat yaratadi, ammo imkoniyatdan unumli foydalanishga undaydigan kuch — bu jamiyatning ma’naviy qarashlari va fuqarolik mas’uliyatidir.
Bugungi O‘zbekiston ayoli yangi davrning yangi qiyofasini namoyon etmoqda. U zamon bilan hamnafas, bilimli, tashabbuskor, vatanparvar va mas’uliyatli. Eng muhimi, u o‘zining yutug‘ini faqat shaxsiy muvaffaqiyat deb emas, balki oilasi, jamiyati va Vatani ravnaqi uchun qo‘shilgan hissa deb biladi. Ana shunday fazilatlar Yangi O‘zbekistonning ma’naviy poydevorini yanada mustahkamlamoqda.
Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida ayolning o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan bir paytda barchamiz bir haqiqatni chuqur anglashimiz kerak: ayolga yaratilgan har bir imkoniyat — bu kelajak avlod uchun yaratilgan imkoniyatdir. Ayolning ta’limiga kiritilgan investitsiya — millat intellektiga kiritilgan investitsiyadir. Uning mehnatini qadrlash — jamiyat taraqqiyotini qadrlashdir. Uning huquqlarini himoya qilish esa adolatli davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning eng muhim shartlaridan biridir.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mazmuni ham aynan shunda namoyon bo‘lmoqda: inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyatda ayolning qadri ham yuksaladi. Ayolning qadri yuksalgan yurtda esa farovon oila, barkamol avlod va kuchli davlat barpo etiladi. Bu yo‘l ortga qaytmaydigan taraqqiyot yo‘lidir. Zero, bugungi Yangi O‘zbekiston ayoli — islohotlarning kuzatuvchisi emas, balki ularning bunyodkori, ertangi kunning ishonchli me’mori va mamlakat ravnaqining eng muhim tayanchlaridan biridir.
Navbahor Darxonova,
jurnalist