Ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash kerak(mi)!? (+video)
So‘nggi vaqtlarda yosh avlodni kiberbulling, internetga qaramlik va ruhiy salomatlik muammolaridan himoya qilish maqsadida bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu faqat O‘zbekiston uchun emas, balki butun dunyo bo‘ylab amaliy chora ko‘rilishi talab qilinayotgan muammolardan biridir.
Shuni aytib o‘tish kerakki, Yevropada bolalarni himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy tarmoq cheklovlari ommalashmoqda. Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlash tizimini (16 yoshdan kichiklar uchun) ilk bor 2025-yilning dekabrida Avstraliya joriy etgan edi. 2025-yil dekabr oyidan boshlab 16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun Facebook, Instagram, TikTok va X kabi platformalardan foydalanishni rasman taqiqladi. Qoidalarni buzgan kompaniyalar 34,4 million AQSH dollarigacha jarimaga tortilishi mumkin.
Avstraliya tajribasiga ko‘ra, cheklovlar WhatsApp yoki YouTube Kids kabi ta’limiy va aloqa xizmatlariga daxl qilmaydi. Biroq, Facebook, Snapchat, Reddit va Twitch kabi ommabop resurslar qat’iy nazorat ostiga olinadi. Avstraliya hukumati kompaniyalardan foydalanuvchining yoshini aniqlashda shunchaki tug‘ilgan sanani kiritish bilan cheklanib qolmasdan, ko‘p bosqichli verifikatsiya usullaridan foydalanishni talab qilmoqda. Lavhamiz davomida dunyo bo‘ylab xalqaro tajribalarni ko‘rib chiqamiz.
Fransiya: Senatda 15 yoshdan kichiklarga ijtimoiy media taqiqini nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer ijtimoiy tarmoq kompaniyalari vakillarini tezroq choralar ko‘rish uchun muzokaralarga chaqirdi.
Portugaliyada 13 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va 13–16 yoshdagilar uchun faqat ota-ona ruxsati bilan foydalanish huquqini joriy etish bo‘yicha qadam tashladi.
Gretsiya 2027-yil 1-yanvardan boshlab 15 yoshga to‘lmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlaydi.
Latviya va Norvegiyada 16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik takliflari muhokama bosqichida. Finlyandiya hukumati tomonidan ham 15 yoshga to‘lmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni qo‘llab-quvvatlanishi e’lon qilingan.
Germaniyada болалар uchun ijtimoiy tarmoqlarga yosh chegarasini joriy etish ustida ishlanayotgan bo‘lsa, Sloveniyada 15 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.
Yevropa Ittifoqi (YeI) янги "raqamli yoshni tasdiqlash ilovasi" ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Chexiya ham o‘z navbatida 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy media platformalarini taqiqlashni qo‘llab-quvvatlamoqda. Daniyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy media platformalarini taqiqlash bo‘yicha ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimovaning ommaviy axborot vositalariga ma’lum qilishicha, 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan o‘zaro muhokamalar o‘tkazilgan hamda qonun loyihasi ishlab chiqib, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilayotganini bildirgan.
Xo‘sh, sizchi? Sizningcha, bolalar va o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlarni cheklash yoki chegaralash orqali yaxshi natijaga erishib bo‘ladimi? Agar vazirlik tomonidan ushbu masala aholi o‘rtasida muhokamaga qo‘yilsa, taqiq uchun ovoz bergan bo‘larmidingiz? Fikrlaringizni izohlarda qoldirishingiz mumkin.
Batafsil: <iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/VfhowSmIvWk" title="Ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash kerak(mi)!?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA