Ijtimoiy himoya – inson qadri va farovonligining muhim kafolati
Jamiyatda har bir inson turli hayotiy vaziyatlarga duch kelishi mumkin. Ishsizlik, kam daromad, nogironlik, keksalik yoki boshqa ijtimoiy omillar insonning munosib hayot kechirishiga ta’sir qiladi.
Ana shunday paytlarda ijtimoiy himoya tizimi insonni qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda hayot sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun ijtimoiy himoya faqat moddiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmay, insonni qiyin vaziyatdan chiqarish, uning mustaqil hayot kechirishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan keng qamrovli soha sifatida qaralmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mamlakatimizda bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning yanvar-iyul oylari davomida aholini ijtimoiy himoya qilish, bandlikni ta’minlash, bolalar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish hamda ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar bajarildi. Shuningdek, ijtimoiy sug‘urta, nogironlikni belgilash, “Kunduzgi parvarish” xizmati, “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar yanada kengaytirildi.
Jumladan, 1-iyuldan kasallik varaqalari asosida vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik nafaqasi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanishi yo‘lga qo‘yilib, 63 mingdan ortiq shaxslarga 75,5 mlrd. nafaqalar to‘lab berilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA