Ijara yerlari — yangi imkoniyat va yuqori daromad manbai
Qaror va ijro
Bugungi kunda dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yerlardan aholi daromadini oshirish, ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Prezidentimizning 2024-yil 4-oktabrdagi "Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Unga ko‘ra, joriy yil Toshkent viloyatining 11 ta tumanida 50-100 gektargacha ijara asosida ajratilgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida sanoatlashgan plantatsiya, bog‘ va uzumzorlar tashkil etish belgilab olindi.

Mutaxassislar qayd etishicha, ijaraga ajratilgan 19,3 gektar yer maydonlari “Bir kontur–bir mahsulot” tamoyili asosida ekinlar ekish bo‘yicha iqtisodiy kompleks tashkilotlari, bandlik bo‘limlari, tijorat banklari va ixtisoslashuvidan kelib chiqib “Agro star” MCHJlarga biriktirildi. Ayniqsa, joylardagi 159 ta mahallada namunali loyihalarni amalga oshirish uchun 9 ta davlat bankiga biriktirilgan.

Xususan, Bekobod tumani “Yoshlik-2” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashabbusi bilan 100 gektar yer maydonida intensiv bog‘ tashkil etiladi. Piskent tumani Mingtepa mahallasida 20 gektar ijaraga berilgan yer maydonlarida uzumchilik xo‘jaligi barpo etilmoqda.

Bugun tashqari, Parkent tumani Shampan mahallasidagi ijaraga berilgan 10 gektar yer maydonlarida “Bir kontur–bir mahsulot” tamoyili asosida malinachilikni rivojlantirish ishlari boshlangan.
— Tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish ustidan har chorakda monitoring o‘tkaziladi, – deydi Piskent tumani Navoiy mahallasidagi hokim yordamchisi Davron Ikromov. — Yer maydonlari qarovsiz qoldirilgan taqdirda berilgan imtiyozlar bekor qilinishi, kredit mablag‘lari ajratilmasligi hamda yer solig‘i miqdori oshirilishi mumkin. Shu bois, har bir fuqaro o‘ziga biriktirilgan yer maydonidan oqilona foydalanib, yuqori hosildorlikka erishishi va oilasi daromadini oshirishga intilishi lozim.

Bugungi kunda Chinoz tumani Do‘stlik, Bekobod tumani Mallaboy, Toshkent tumani Chuvalachi va Hasanboy mahallalarida ijaraga berilgan yer maydonlarida issiqxonalar tashkil qilinib, 70 foiziga bahorgi ekinlar ekildi. Bu sa’y-harakatlar boshqa hududlarda ham izchil davom ettirilyapti. Maqsad eksportbop hamda bozorda talab ko‘p bo‘lgan mahsulotlar yetishtirishdir. Bu esa minglab oilalarning daromadini oshirish, bandligini ta’minlash va farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
A. Musayev, O‘zA