IIV: ogoh bo‘ling, firibgarlar faollashmoqda
Keyingi vaqtlarda ayrim shaxslar o‘zini ichki ishlar organlari xodimi yoki tizimga aloqador, deb tanishtirib, fuqarolarga “pul evaziga ishingizni hal qilib beramiz” kabi noqonuniy takliflarni bildirmoqda.
Bu joriy yil mart oyida Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda aniqlangan.
2026-yil 17-mart kuni fuqaro M.A. Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ishlovchi tanishlari orqali chiroyli kombinatsiyali davlat raqam belgilarini olib berishni aytib, bir fuqarodan aldov yo‘li bilan 1,8 ming dollar olgan vaqtda ushlangan.
2026-yil 24-mart kuni fuqaro M.L. go‘yoki Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida tanishlari borligini aytib, yo‘l transport hodisasi yuzasidan javobgar qilmaslik va avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga bir kishidan 6 million so‘m olgan vaqtda ushlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Fuqaro A.A joriy yilning 21-mart kuni fuqaro A.T.ga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Farg‘ona viloyati IIB Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi, deb tanishtirib, uning ustidan ariza tushganini aytib, ishni ijobiy hal qilish evaziga 2,5 million so‘m pulni plastik kartasiga o‘tkazib olgani aniqlangan.
IIV axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar ichki ishlar organlariga hech qanday aloqador emas. Ular fuqarolarni chalg‘itish orqali moddiy manfaat orttirishga urinayotgani, ya’ni xodimlar nomini sotish orqali ichki ishlar organlari sha’ni va obro‘siga putur yetkazayotgani aniqlandi.
Mazkur shaxslarning bunday xatti-harakatlari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi va qonun doirasida qat’iy choralar ko‘rilishi muqarrar.
IIV shu kabi holatlarga duch kelganda “1102” ishonch telefoni yoki Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining (71) 231-31-74 raqamli telefoniga murojaat qilishni so‘radi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
N.Abduraimova,
O‘zA