Hunarmandlarimiz ishlari xorijliklar e’tiborini tortmoqda
Xitoyning Sian shahrida O‘zbekiston xotin-qizlari forumi doirasida tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Forum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, investitsiya va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, xotin-qizlar tadbirkorligi yuzasidan yangi eksport yo‘nalishlari ochish hamda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida bevosita ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Mazkur nufuzli tadbir doirasida "Kaftimizda buyuk ipak yo‘li" mavzusida ko‘rgazma tashkil etildi.
Unda nurotalik tadbirkor-hunarmand, “So‘zani Zarrina” brendi asoschisi Zarina Hamidova milliy kashtachilik mahsulotlari bilan xorijlik hamkorlar e’tiborini qozondi.

Nurota tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkor tomonidan bugungi kunda 400 nafardan ortiq xotin-qiz kasanachilik asosida ish bilan ta’minlangan. Uy sharoitida tayyorlanayotgan milliy kashta matolari qayta ishlanib, zamonaviy va xaridorgir tayyor mahsulotlarga aylantirilmoqda. Jumladan, ayollar yaktagi, sumka, kostyum hamda boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Forum doirasida xitoylik investorlar bilan mahsulotlarni sotish bo‘yicha 2 ta memorandum imzolandi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur hamkorlik milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash hamda mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA