Hunarmand davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi
Oramizdagi zamondoshlarimiz
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va kasb-hunarga jalb etishdir. Ayniqsa, milliy hunarmandchilikni asrab-avaylash, uni yangi avlodga yetkazish hamda ushbu sohani aholi, xususan, xotin-qizlar uchun daromad manbaiga aylantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
G‘ozg‘on shahrida faoliyat yuritayotgan “G‘ozg‘on chevar qizlari” ishlab chiqarish kooperativi rahbari, mohir hunarmand Mohichehra Norboyeva ana shunday ezgu maqsadlarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tashabbuskor ayollardan biridir.

26 yillik mehnat faoliyati davomida o‘z sohasida katta tajriba to‘plagan Mohichehra Norboyeva 2021-yildan buyon “G‘ozg‘on chevar qizlari” ishlab chiqarish kooperativiga rahbarlik qilib kelmoqda. Uning faoliyati nafaqat milliy kashtachilik san’atini rivojlantirish, balki xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish va tadbirkorlikka jalb etish bilan ham chambarchas bog‘liq.
– Mohichehra Norboyeva o‘zining boy tajribasini yosh avlod va ishsiz xotin-qizlarga o‘rgatishni burchi deb biladi, – deydi shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Dilorom Egamova. – U shu kunga qadar 300 nafarga yaqin ishsiz xotin-qizlar va yoshlarga kashtachilik sir-asrorlarini o‘rgatib, ularning kasb egallashiga ko‘maklashdi. Bu esa yurtimizda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlarning amaldagi yorqin namunasidir. Ayniqsa, uning “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarini alohida e’tirof etish kerak. 2023-2024-yillarda 15 ta yangi ish o‘rni yaratilgani, ishsiz xotin-qizlarning 10 nafari doimiy mehnat faoliyatiga jalb etilgani Mohichehraning tadbirkorlik tashabbusi ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Bugun u kashtachilik faoliyatini yanada kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida yana 30 nafar ishsiz ayolni mehnatga jalb etish choralarini ko‘rmoqda.

Milliy hunarmandchilik xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan noyob yo‘nalishdir. Mohichehra Norboyeva ana shu merosni zamonaviy talablar asosida rivojlantirib, yosh avlodga yetkazilishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning shogirdlari tomonidan tayyorlanayotgan milliy kashtachilik mahsulotlari yurtimizning turli qadimiy shaharlarida sotilib, mahalliy aholi bilan bir qatorda xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
U viloyat va respublika miqyosidagi ko‘rgazmalar, festivallar, ko‘rik-tanlovlar hamda savdo yarmarkalarida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2023-yil 21-23-sentabr kunlari Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan II xalqaro hunarmandchilik festivalida, 2024-yilda “Craft Fair Uzbekistan” III xalqaro hunarmandchilik va texnologiyalar yarmarkasida, 2025-yilda esa Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Mohir hunarmandlar” ko‘rgazma savdo-yarmarkasi, III Qo‘qon xalqaro hunarmandchilik festivalida faol ishtirok etdi. “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida qatnashib, o‘zining tadbirkorlik va hunarmandchilik yo‘nalishidagi salohiyatini namoyon qildi.

Shuningdek, u 2025-yilda Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan “Turkistan World Sraft Fest” xalqaro ko‘rgazmasi va Tojikiston Respublikasining Panjakent shahrida bo‘lib o‘tgan “Panjakent syuzanisi” xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etib, milliy hunarmandchiligimizni xalqaro maydonda namoyish etishga hissa qo‘shdi.

Mohichehra Norboyeva faoliyatining yana bir muhim jihati ustoz-shogird an’analarini izchil davom ettirayotganidir. U uyushma a’zolari, xalq ustalari va hunarmandlar orasida hurmat qozongan, yoshlarga o‘z bilimi va tajribasini beminnat o‘rgatib kelayotgan mohir ustoz sifatida tanilgan.

– Bugungi islohotlarning mazmun-mohiyati inson qadrini yuksaltirish, har bir fuqaroning o‘z qobiliyati va mehnati bilan munosib hayot kechirishi uchun imkoniyat yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir, – deydi Mohichehra. – Hunar nafaqat qadriyat, balki bandlik va farovonlik manbai, tadbirkorlik esa shaxsiy daromad bilan birgalikda jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim omildir.

Mohichehra Norboyeva joriy yilning 13-avgust kuni Prezidentimizning “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu uning milliy kashtachilik san’atini asrab-avaylash, uni yoshlarga o‘rgatish, ishsiz xotin-qizlarni kasbga yo‘naltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarini ichki va xalqaro bozorlarga olib chiqish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri