Gaz to‘ldirish shoxobchalarida xavfsizlik nazorati kuchaytirilmoqda
Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirishga qaratilgan profilaktik ishlar olib borilmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida shoxobchalarda texnologik jarayonlarni belgilangan tartibda tashkil etish, gaz uskunalaridan xavfsiz foydalanish va mavjud texnik vositalarning soz holatda bo‘lishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirlar doirasida shoxobcha rahbarlari va xodimlariga yong‘in hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ish jarayonida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, uskunalarni o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazish va ularning ishlash holatini muntazam nazorat qilish bo‘yicha zarur tavsiyalar berilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-iyundagi 315-son qarorida belgilangan xavfsizlik talablariga rioya etish muhimligi tushuntirilmoqda. Mazkur hujjatda yoqilg‘i quyish shoxobchalari hamda gaz to‘ldirish inshootlarida avariyalar va boshqa ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishga qaratilgan minimal xavfsizlik mezonlari belgilab berilgan.
Profilaktik uchrashuvlarda mas’ul xodimlarga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga amal qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va xavfli holatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlanmoqda.
Inspeksiya axborot xizmatining ta’kidlashicha, bu kabi profilaktik tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi gaz to‘ldirish shoxobchalarida xavfsizlik madaniyatini oshirish, texnologik talablarga rioya etilishini ta’minlash va turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa, o‘z navbatida, aholi xavfsizligini ta’minlash hamda inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA