Hududlarda raqamlashtirish jadallashadi
Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida shahar va tuman hokimlarining raqamlashtirish hamda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchilari ishtirokida kengaytirilgan muloqot o‘tkazildi.
“Cyber” universitetida tashkil etilgan uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat boshqaruviga zamonaviy axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellekt yechimlarini keng joriy etish, shuningdek, barcha sohalarda samaradorlikni oshirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda raqamlashtirish davlat xizmatlari sifatini yuksaltirish bilan birga boshqaruv tizimining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta’minlovchi muhim omilga aylanmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish tahliliy qarorlar qabul qilish, murojaatlar bilan ishlash, kadrlar salohiyatini baholash, resurslarni oqilona taqsimlash hamda hududlarni kompleks rivojlantirishda keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Muloqot davomida viloyatda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan o‘ndan ortiq innovatsion loyihalar – “Green City”, “Raqamli elchilar”, “Kadr AI”, “Elektron hokimiyat”, “Turist24”, “AgroPiskent” va boshqa tashabbuslar taqdimoti o‘tkazildi. Loyihalar doirasida ekologik monitoringni raqamlashtirish, davlat xizmatlarini yagona elektron platformalar orqali ko‘rsatish, sun’iy intellekt yordamida kadrlar boshqaruvini takomillashtirish, fuqarolar bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqish hamda ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv tizimini shakllantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Viloyat hokimi hududlardagi raqamlashtirish bo‘yicha mas’ullar mazkur islohotlarning tashabbuskori va amaliy ijrochisi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Har bir loyiha hududlarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda amaliy natija berishi, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishi hamda davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi zarurligi qayd etildi.
Yakunda shahar va tumanlarda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik hamda boshqa ustuvor tarmoqlarga keng joriy etish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
A.Musayev, O‘zA