Hofizning umrboqiy qo‘shiqlari
Har yili 22 dekabr insoniyat tomonidan qishning eng uzun kechadigan yaldo tuni, tabiatning o‘ziga xos hodisasi sifatida eslanadi.
1994 yilning 22 dekabri esa xalqimizning ulug‘ san’atkorlaridan biri, atoqli xonanda, maqomlarning yetuk ijrochisi, mashhur hofiz Otajon Xudoyshukurov vafot etgan sana tarzida tariximizga muhrlandi. Otajon Xudoyshukurov hayotda bor-yo‘g‘i 50 yil umr kechirdi. Shundan 35 yilini san’atga bag‘ishladi. Qo‘shiqchiligimizni yuksak maqomlarga ko‘tardi, noyob ovoz sohibi sifatida san’atimizni dunyoga bo‘ylashtirdi. O‘zbekiston, Turkmaniston, Qoraqalpog‘iston, Tatariston Respublikalari xalq artisti unvonlariga musharraf bo‘ldi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Afg‘oniston, Kavkaz o‘lkalari va boshqa xalqlar o‘rtasida turkigo‘y hofiz, Turkiston bulbuli sifatida dong taratdi. XX asrning 70-yillarida Misr matbuoti “Markaziy Osiyodan, Jayhun sohilidan kelgan san’atkor nafaqat arablarni hayratga soldi, hatto Nilni ham to‘lqinlantirib yubordi. Qohiraliklar Otajon Xudoyshukurov deb atalgan Sharq “Pavorotti”sining noyob ovozidan, sehrli sozidan bahramand bo‘ldilar”, deb yozgandi. Umuman, uning nomi nafaqat yurtimizda, xorijda ham ana shunday hurmat bilan tilga olinadi, qo‘shiqlari ehtirom bilan eslanadi.
Mashoyixlar Yer yuzida hayotni fano va baqodan iborat, ya’ni insonning yashagan davri fano, undan keyingi davri baqo, odamzot bu o‘tkinchi dunyoda yashab, so‘ng abadiylikka erishadi, deb izohlaydilar. Haq gap! Ammo dunyoda shunday ulug‘ insonlar borki, ular hayoti, faoliyati, ilmi, mehnati va boshqa jihatlari bilan bashariyatga xizmat qilib, fano bag‘rida baqolik rutbasiga, abadiy nom qoldirish saodatiga erishadilar. Otajon Xudoyshukurov ham ana shunday baqolik rutbasiga erishgan, o‘zidan xalqqa, millatga xizmat qiladigan o‘lmas meros qoldirgan insonlardan biri edi.
Albatta, ma’naviyati, madaniyati yuksak bo‘lgan har qanday xalq, millat o‘zini ulug‘lik martabasiga ko‘targan shaxslarga doimo hurmat-ehtirom ko‘rsatadi. Shunday ekan, atoqli san’atkor Otajon Xudoyshukurov nomi vafotidan keyin qanday ulug‘landi, xotirasi qay tarzda e’zozlandi, uning boy merosidan avlodlar bahramand bo‘lmoqdami, bu meros endilikda san’atimizda qanday o‘zgarishlar, yangilanishlar yuzaga kelishiga xizmat qilmoqda, degan savollar tug‘iladi.
To‘g‘ri, atoqli san’atkorning qo‘shiqlari, maqom yo‘nalishidagi mumtoz ashulalari respublikamizdagi radio to‘lqinlari, teleekranlari orqali berib borilmoqda. U haqda ko‘rsatuvlar, eshittirishlar tayyorlanmoqda. Ulug‘ hofizning hayot, san’at yo‘lini yorituvchi asarlar, xotira kitoblari, risolalar nashr etilmoqda. Ommaviy axborot vositalarida u haqda maqolalar e’lon qilinmoqda. Uning xotirasini abadiylashtirish, merosini o‘rganish, keng targ‘ib qilish bilan bog‘liq ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida keng miqyosda amalga oshirildi. To‘rtko‘l shahrining markazida joylashgan muhtasham Madaniyat saroyi uning nomi bilan ataldi. Saroy oldida ulug‘ hofizning tor ushlab turgan holatdagi mahobatli haykali o‘rnatildi. Shaharning markaziy ko‘chalaridan biri ham uning nomiga qo‘yildi. U yashagan uyning bir qismi muzeyga aylantirildi.
Bunday xayrli ishlar To‘rtko‘l tumaniga yondosh Ellikqal’a tumanida ham davom ettirildi. 1999 yilda tuman hokimi Ne’matilla Xudoyberganov Bo‘ston shahrida Otajon Xudoyshukurov xotirasini abadiylashtirish va uning nomi bilan bog‘liq holda yosh xonandalarning ko‘rik-tanlovini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Bu tashabbus Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. O‘sha yilning 26-28 iyulida ulug‘ hofiz xotirasiga bag‘ishlangan xonandalarning ilk ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Ushbu tanlovning aynan Ellikqal’a tumani markazi Bo‘ston shahrida o‘tkazilishi bejiz emas edi.
Ellikqal’a Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi eng kenja tuman hisoblanadi. U 1975 yilda tashkil etilgan. Uning bag‘rida mamlakatimizning qadim tarixiga oid minglab osori-atiqalar saqlanib qolgan. Eramizdan oldingi davrga oid Xorazmshohlar davlatining poytaxtlari bo‘lmish Oqchaxonqal’a, Tuproqqal’a vayronalari, ikki yuzdan oshiq shaharlar va 500 dan ortiq qal’a xarobalari ana shu tuman hududida yastanib yotibdi. Ana shu shaharlar, qal’alar, saroylar vayronalarining aksariyati arxeologlar tomonidan ochib o‘rganilganda ularda madaniyat, ma’naviyat, ma’rifat, san’at, me’morchilik, shaharsozlik nihoyatda yuksak rivoj topganligi namoyon bo‘ldi. Dunyoning ilk rasadxonalaridan biri deb e’tirof etilgan, kamida 2,5-3 ming yillik tarixga ega Qo‘yqirilganqal’adan “Ud chalayotgan mashshoq” haykalchasining, “Arfalar” devoriy tasvirining, Tuproqqal’adan “Arfa chalayotgan qiz”, “Niqobli raqqoslar zali” devoriy rasmlarining, Ayozqal’adan uch ming yillik tarixga ega sibizg‘a (chiltor)ning topilishi, Qo‘rg‘oshinqal’adan sozandalar guruhi aks etgan frizning, Qavatqal’adan raqqosalar aks etgan terrakotalarning aniqlanishi bu o‘lkada san’atga e’tibor qadim-qadimdan kuchli bo‘lganligini ko‘rsatdi. Bu yurtda san’at azaldan ana shunday ulug‘langan. Shuning uchun Otajon Xudoyshukurovga bag‘ishlangan bu ko‘rik-tanlov atoqli hofizning nomini, san’atini ulug‘lash bilan birga ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi san’at sohasida bir necha minglab yillardan beri davom etib kelayotgan merosiylikni ham namoyon qilishi ko‘zda tutilgan edi. Shu sababli kechmishi olis tarix bilan bog‘langan bu maskandagi ko‘rik-tanlov “Qambarning oltin sozi” deb nomlandi.
O‘sha ilk ko‘rik-tanlovning qanday o‘tganini yaxshi eslayman. Unda respublikamizning barcha viloyatlaridan 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan iste’dodli xonandalardan 52 tasi ishtirok etdi. Tanlov sharti qilib Otajon Xudoyshukurov ijro etgan zamonaviy va mumtoz ashulalarni kuylash belgilandi. Shu tanlovning o‘ziyoq ulug‘ hofizning san’atiga, merosiga yosh xonandalar o‘rtasida qiziqish nihoyatda katta ekanligini ko‘rsatdi. Ellikqal’a tumani markazidagi go‘zal tarzda barpo etilgan San’at saroyi uch kun davomida muxlislar bilan to‘ldi. Mamlakatimizning, jumladan, Qoraqalpog‘istonning atoqli san’atkorlari ishtirokidagi hay’at tomonidan ko‘rik g‘oliblari aniqlandi. Dastlabki tanlovda g‘oliblik Soyibjon Niyozov, Ravshan Matyoqubov, Ortiq Ortiqov, G‘afur Eshchonov, G‘ulom Eshchonov, Xudoybergan Xudoyberganov kabi yosh xonandalarga nasib etdi.
Tanlov kunlarida Bo‘ston shahriga kiraverishdagi Madaniyat va istirohat bog‘i ochildi. Anjuman ishtirokchilari bu bog‘ga ko‘chatlar ekdilar. Endilikda bu bog‘ tumanning go‘zal madaniyat maskanlaridan biriga aylandi. Shu bilan birga anjuman kunlarida Otajon Xudoyshukurov nomidagi jamg‘arma ham faoliyatini boshladi. Tuman rahbarlari va jamg‘arma vakillarining taklifiga ko‘ra ko‘rik-tanlov har ikki yilda o‘tkazilishi belgilandi. O‘sha ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov bu anjuman xususida to‘xtalib, shunday degandi: “Har yurtning, mamlakatning tarixini, madaniyatini, san’atini, ilm-ma’rifatini dunyoga namoyon qiladigan maskanlari bo‘ladi. Ellikqal’a tumani, Bo‘ston shahri, nafaqat Qoraqalpog‘istonning, balki butun mamlakatimizning yuksak ma’naviyatini namoyon qiluvchi maskanlardan biri sanaladi. Bu yerda ulug‘ hofiz Otajon Xudoyshukurovga ko‘rsatilgan ehtirom san’atimizga ehtirom ifodasiga aylandi. Hali bu maskandan boshlangan xayrli ishning natijasi sifatida madaniyatimizning ko‘plab fidoyilari, san’atimizning yetuk namoyandalari yetishib chiqadi. Men bunga ishonaman”. Atoqli shoir bashorat bobida haq bo‘lib chiqdi. Ellikqal’a keyingi yillarda mamlakatimizning ma’naviyat markazlaridan biriga aylandi.
Ellikqal’a tumani hokimi 2000 yilda yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmalari, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyatlari, Otajon Xudoyshukurov jamg‘armasi hamkorligida Ellikqal’ada “Mushoira etadi davom” deb atalgan she’riyat bayramlari o‘tkazildi. Bu bayramlarda respublikamizdagi taniqli ijodkorlar, shoirlar, san’atkorlarning aksariyati ishtirok etdi. Qishloqlar, ovullar, maktablar, ishlab chiqarish korxonalarida she’rlar o‘qildi, hayot, adabiyot, san’at haqida suhbatlar davom etdi. Bo‘ston shahrida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining mintaqaviy bo‘limi ochildi. Ellikqal’alik yoshlarning she’rlari muhokama qilindi va ularning eng iqtidorlilari uyushma a’zoligiga qabul qilindi. Ellikqal’adagi yangilanishlar, bunyodkorliklar, o‘zgarishlar she’riy satrlarga muhrlandi:
Guldan gulga qo‘nib sahar palladan,
Bolari bol yig‘ar qirdan, daladan,
Shoir ham bolari bo‘lsaydi agar,
Ishni boshlar edi Ellikqal’adan.
Qumlar bag‘rida qad rostlagan, chorak asr ichida bog‘-rog‘larga, archazorlar va gulzorlarga aylangan Bo‘ston shahri ijodkorlar tilida “Ellikqal’aning ellik birinchi qal’asi”, “O‘zbekiston Jenevasi”, “Archazorlar shahri” deya e’tirof etildi.
2001 yilda Otajon Xudoyshukurov jamg‘armasi va Ellikqal’a tumani hokimligining taklifiga ko‘ra, ikki yilda bir o‘tkaziladigan “Qambarning oltin sozi” ko‘rik-tanlovi “Nafosat-bo‘stonim manim” deb nomlangan yoshlar festivaliga aylantirildi. Festivalning asosiy yo‘nalishi, albatta, Otajon Xudoyshukurov nomi bilan bog‘liq ko‘rik-tanlov bo‘lib qoldi. Faqat bu ko‘rik-tanlov doirasi kengaytirilib, unga mumtoz ashulalar, maqomlardan tashqari boshqa ijrochilik yo‘nalishlari ham kiritildi. Shuningdek, festival doirasida yosh ijodkorlar, rassomlar, hunarmandlar ko‘rgazmalari va ko‘rik-tanlovlari ham o‘tkaziladigan bo‘ldi.
2001 yilning iyul oyida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov yurtimiz mustaqilligining 10 yilligi bilan bog‘liq holda kechdi. Ko‘rik-tanlovda 100 dan oshiq yosh xonanda ishtirok etdi. Nufuzli hay’at qaroriga ko‘ra, Sadadin Safoyev, Rohila Ro‘zimova, Gulsara G‘oipova, Sanobar Qilicheva, Qo‘chqor Ergashev, Hurmat Ollayorov g‘olib deb topildi. Tanlov g‘oliblari san’at oliy o‘quv yurtlariga imtiyozlar asosida o‘qishga qabul qilinadigan bo‘ldi. Festival doirasida “Nazm va navo” kechasi o‘tkazildi. “Avesto” asari yaratilganligining 2700 yilligi munosabati bilan “Avestoxonlik” ilmiy anjumanlari tashkil etildi. Bu ilmiy anjumanlarda respublikamizning taniqli tarixchilari, sharqshunoslari, arxeologlari ishtirok etdi. Ular ma’ruzalarida “Avesto” asarining yaratilishi va uning 24 mingta mol terisiga bitilib kitob holiga keltirilishi mana shu o‘lka, bu o‘lkadagi qadim shaharlar va qal’alar bilan bog‘liqligini e’tirof etishdi. Hayotda “Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” deb atalgan ulug‘ g‘oyani yaratgan, shu asosda bashariyatning taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan, kitobot san’atining ilk namunasi sanalgan bu asarning yurtimiz tarixi bilan bog‘liqligi bugungi avlodlar qalbida ham faxr-iftixor uyg‘otadi.
Festivalda so‘z qaysi mavzu haqida bo‘lmasin– xoh tarix, xoh bugun, xoh badiiy ijod, xoh madaniyat, san’at– asosiy gap Otajon Xudoyshukurov qo‘shiqlari, uning xonandalik, sozandalik mahorati, merosi haqida bordi. Bo‘lib o‘tgan anjumanlarda turli xil taklif va mulohazalar ham bildirildi. O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov Ellikqal’a tumani, Bo‘ston shahrida ulug‘ hofiz nomi bilan bog‘liq san’at maskanlari barpo etish, xotirasini abadiylashtirish borasida takliflarni o‘rtaga tashladi. Atoqli shoir Otajon Xudoyshukurovning ham inson, ham san’atkor sifatida ulug‘ligini alohida e’tirof etdi: “Otajon Xudoyshukurov mashhur hofiz bo‘lishiga qaramasdan juda oddiy, kamtar, o‘ta samimiy inson edi. Uning betakror, beg‘ubor, cheksiz-chegarasiz nafasi va noyob ovoziga hamisha qoyil qolaman. Men san’atshunos emasman, san’atsevarman. Bir inson sifatida yaxshi va yomon qo‘shiqlarni yuragim bilan his qilaman. Ermakomuz xirgoyi bilan umrboqiy ovoz qudratining farqiga boraman. Chunonchi, radio va televideniyeda har daqiqada qiyshanglab, maza-matrasiz jumlalarni ijro qilib yurganlarga, ularning muxlislariga ham rahmim keladi. Shunday paytlari ayricha sog‘inch bilan Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Hojixon Boltayev kabi hofizlar ijro etgan unutilmas qo‘shiqlarni qo‘msay boshlayman. Mana shu mo‘’tabar hofizlarning keyingi avlodlariga mansub san’atkorlar orasida Otajon Xudoyshukurovdek otashnafas hofizning borligidan faxrlanaman. U xalqimizga zamonlar sinovidan o‘ta oladigan umrboqiy qo‘shiqlarni meros qoldirdi”.
Otajon Xudoyshukurov jamg‘armasining nizomiga ko‘ra, navbatdagi festival va respublika yosh xonandalarining ulug‘ hofizga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlovi 2003 yilning avgustida bo‘lib o‘tdi. Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari soni yanada ko‘paydi. Chunki ko‘rik-tanlovda mumtoz ashulalar, maqom ijrochilaridan tashqari xalfalar, baxshilar, estrada, opera ijrochilari ham sinovdan o‘tkazildi. Hunarmandlar, rassomlar, fotosuratchilar ko‘rgazmalari tashkil qilindi. Shu bilan birga O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmalari, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” gazetalari hamkorligidagi “Aqchako‘l ilhomlari” deb atalgan yosh shoirlar ko‘rik-tanlovi va seminari ham uyushtirildi. Umuman, Bo‘ston shahrida bunday festival va respublika miqyosidagi yosh xonandalarning, shoirlarning ko‘rik-tanlovlari to‘qqiz marta o‘tkazildi. Har ikki yilda o‘tadigan yosh san’atkorlar va shoirlar anjumanlari xalqning bayramiga aylandi. Xo‘sh, bu festival va ko‘rik-tanlovlar natijasida qanday yutuqlar qo‘lga kiritildi?
Eng avvalo, bu festival tufayli Otajon Xudoyshukurovning nomi nafaqat Ellikqal’a va Qoraqalpog‘istonda, balki mamlakatimiz miqyosida ulug‘landi. Ulug‘ shoir Abdulla Oripov orzu qilganidek, Ellikqal’ada atoqli hofizning xotirasi abadiylashtirildi. Bo‘ston shahridagi ko‘chalardan biri, Madaniyat va istirohat bog‘i Otajon Xudoyshukurov nomi bilan ataldi. Bo‘ston San’at saroyi oldida uning byusti o‘rnatildi. San’at saroyiga tutash nuqtada san’at kolleji barpo etilib, unga ulug‘ hofiz nomi berildi. Endilikda bu kollejda ko‘plab yosh xonandalar ta’lim olmoqda. Kollej qoshida tashkil etilgan “Yosh maqomchilar” ansambli respublikamiz miqyosida o‘z nufuziga ega. Bu ham hofiz merosi bilan bog‘liq amalga oshirilgan ishlardan biri hisoblanadi.
Ikkinchidan, ulug‘ hofiz nomidagi ko‘rik-tanlov bir necha yuzlab yosh xonandalarni sinovdan o‘tkazdi. Nafaqat sinovdan o‘tkazdi, balki ular Otajon Xudoyshukurovning san’atga bo‘lgan mehr-muhabbatidan ham saboq oldilar. Uning yuksak ijrochilik san’atining sirlaridan ogoh bo‘ldilar. Ularda ulug‘ hofiz merosi tufayli san’atga yangicha qarash shakllandi. Ayni paytda bu tanlovlarda g‘olib bo‘lgan o‘nlab yosh xonandalar keyinchalik yetuk san’atkorlar bo‘lib yetishib, xalq xofizi, xalq artisti, xizmat ko‘rsatgan artist, xalq baxshisi kabi unvonlar bilan taqdirlandi. Bu tanlovlar ular uchun katta sahna sari yo‘l ochib berdi.
Esimda, V ko‘rik-tanlov yakunlanib, g‘oliblar konsert berayotganda kutilmagan bir holat ro‘y berdi. Sahnaga Dilshodbek degan o‘smirni taklif qilishdi. Dastlab uning sahnaga taklif qilinganidan ko‘pchilik hayron bo‘ldi. 13-14 yoshlardagi bu yigit asli Samarqand viloyatining Urgut tumanidan ekan. 5-6 yoshligidan boshlab magnit tasmasi orqali Otajon Xudoyshukurov qo‘shiqlarini eshitib, ularni yodlab olibdi. U endilikda san’atga ixlosi balandligidan Xorazmga kelib, san’at bilim yurtida ta’lim olayotgan ekan. Ko‘rinishi, qiyofasi, yuz-ko‘zidan ulug‘ hofizning yoshligini eslatadigan bu yigit “Xorazm segohi”ni shunday kuyladiki, go‘yo Otajon Xudoyshukurov hayotga qaytib, yana qaytadan sahnani egallaganday bo‘ldi. Ko‘rik-tanlovlar davomida bunday yangiliklar ham ro‘y berib turdi.
– Otajon Xudoyshukurov yoshlardan birortasida san’at uchqunini ko‘rsa, uni darrov o‘ziga shogird qilib olardi. U shogirdlari ko‘p ustoz edi. Ammo shogirdlariga ham insoniylik, ham san’atdan, xonandalikdan qat’iy saboq berardi. Men bunga 20 yildan ortiq u bilan bir ansamblda ishlashgan paytimda guvoh bo‘lganman. Ulug‘ san’atkorlar nafaqat tirikligida, balki qoldirgan o‘lmas merosi bilan ham yoshlar uchun ustozlik vazifasini bajarar ekan. Ko‘rik-tanlovda Otajonning ijro yo‘lini egallagan yoshlarning ko‘pligini ko‘rib, bunga amin bo‘ldim, – degan edi O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Boshqirdiston xalq artisti Bayram Matjonov. – Yana bir holat: keyingi yillarda Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l, Beruniy, Amudaryo tumanlarida baxshilar, jirovlar, xalfalar yo‘qolib ketgan edi. Ko‘rik-tanlov tufayli ushbu hududlarda yana baxshichilik, xalfachilik, jirovchilik maktablari paydo bo‘ldi. Ulug‘ insonlarning ishlari ham, merosi ham ulug‘ bo‘ladi, deyishadi. Otajonning merosi ham ulug‘. Men aziz do‘stim haqida kechagi kun ma’nosida gapira olmayman. Go‘yo bir soat oldin uning kulimsirab turgan chehrasini ko‘rgandek, shirali ovozini eshitgandek, bir soatdan keyin yana quchoq ochib uchrashishimiz muqarrardek tuyulaveradi.
Atoqli hofizga bag‘ishlangan navbatdagi anjumanlardan birida shoir Matnazar Abdulhakim ustoz va shogirdga bag‘ishlangan she’rini o‘qidi. She’rda o‘z o‘quvchilari uchun jonini fido qilgan o‘qituvchi hayoti ifodasini topgan. She’r anjuman ishtirokchilarini chinakam hayratga soladi. Axir, hayotda ham shogirdlari uchun jonini baxsh etgan ustozlar kammi? Otajon Xudoyshukurov ham shogirdlari uchun chinakam san’at saboqlarini, insoniylik saboqlarini qoldirmadimi? Oradan ikki yil o‘tganidan keyin tuman hokimligi va Otajon Xudoyshukurov jamg‘armasining tashabbusi bilan Bo‘ston shahrida “Ustozga ta’zim” maydoni barpo etilib, o‘qituvchi va o‘quvchi haykali qad rostladi. Bu maydon hozirgacha mamlakatimizda ustozlarga ehtiromni namoyon etuvchi yagona maskan hisoblanadi.
Atoqli hofiz nomidagi jamg‘arma tuman hokimligi bilan birgalikda Ellikqal’ada bundan boshqa ham xayrli ishlarni amalga oshirdi. Bo‘ston shahrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda ikki marta “Xorazm davlatchiligi tarixi va uning dunyo sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi. Bu ilmiy anjumanlarning har birida dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan tarixchilar, arxeologlar, sharqshunoslar kelib Ellikqal’a tumanidagi tarixiy yodgorliklarda olib borilayotgan arxeologik qazishmalar bilan tanishdilar. Xorazm nihoyatda qadimiy davlatchilik tarixiga ega o‘lka ekanligini e’tirof qildilar. Shu bilan birga jamg‘arma sa’y-harakati bilan Bo‘ston shahridagi San’at saroyi yaqinida Ellikqal’adagi o‘ndan ortiq qadimiy qal’alarning asl ko‘rinishini maket holatda namoyon etuvchi “Ochiq osmon ostidagi muzey" yaratildi. Jamg‘arma ayni paytda iqtidorli yoshlarga yaqindan yordam ko‘rsatganligi ham tahsinga sazovor.
Ellikqal’ada bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlov va anjumanlardan birida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, adabiyotshunos olim Matyoqub Qo‘shjonov ham ishtirok etdi. U tumanning diqqatga sazovor joylarini, tarixiy yodgorliklarini, Bo‘stondagi bunyodkorliklarni borib ko‘rdi. Qizilqum sarhadlarida ulug‘vor ishlar amalga oshirilayotganidan quvondi.
– Bu yerda qilinayotgan ishlar, haqiqatan ham, hayratomuz. Cho‘l bag‘rida bunday go‘zal maskanga duch kelaman, deb o‘ylamagandim, — deb yozgandi olim keyinchalik xotira bitiklarida. — Ayniqsa, atoqli hofiz Otajon Xudoyshukurov xotirasi bilan bog‘liq holda ham yosh xonandalar, ham yosh ijodkorlarning ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilayotgani har qancha maqtovga loyiq. Bu tanlov orqali, bir tomondan, ulug‘ san’atkor xotirasi e’zozlansa, merosi ulug‘lansa, ikkinchi tomondan, qancha yoshlar uchun ma’naviyat, madaniyat, badiiy ijod eshiklari ochilmoqda. Bunday anjumanlardan xalq bahra olmoqda. Aslida shunday bo‘lishi kerak. Har bir viloyat, tuman rahbarlari hududlaridagi san’at, adabiyot, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalardagi yetuk shaxslarni ana shunday ulug‘lashlari zarur. Bu chinakam hayot maktabi bo‘ladi. Afsuski, bunday ishlarni amalga oshirishga aksariyat rahbarlarda shijoat, fidoyilik yetishmaydi. Ellikqal’a tumani hokimida esa ana shu fidoyilik, shijoat va yurtga chinakam mehr-muhabbatni ko‘rdim. Faqat bir hadik bor, bu hadik shundaki, bu yerda rahbar almashishi bilan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar to‘xtab qolmasa edi!
Matyoqub Qo‘shjonovning bu hadigida jon bor edi. Negaki respublikamizda turli yillarda Komiljon Otaniyozov, Hojixon Boltayev, Ma’murjon Uzoqov va boshqa shu kabi ulug‘ san’atkorlar xotirasini e’zozlash bilan bog‘liq anjumanlar, ko‘rik-tanlovlar bir-ikki bor tantanavor o‘tkazilib, keyin izsiz ketgandi. Afsuski, Otajon Xudoyshukurov nomi bilan bog‘liq ko‘rik-tanlov, yoshlar festivalining taqdiri ham shunday bo‘ldi. 2015 yilda o‘tkazilgan IX ko‘rik-tanlov anjumanlarning oxirgisiga aylandi. Keyingi besh yilda Ellikqal’ada bunday anjuman o‘tkazilmadi.
Men ulug‘ hofizning xotirasi bilan bog‘liq bu anjumanlarning aksariyatida ishtirok etganman. Qachon Ellikqal’aga borsam o‘sha kuy-qo‘shiqlarga, mushoiralarga to‘la davralar, ustoz ijodkorlar va san’atkorlarning yoshlar bilan gurunglari, muloqotlari, ellikqal’aliklarning bu san’at, adabiyot bayramlari tufayli yuzlarida zohir bo‘ladigan cheksiz quvonchlar ko‘z oldimga keladi. Shularni eslab, nahotki, ana shunday bayramlarga aylanadigan anjumanlar, ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish endi barham topgan, nihoyasiga yetgan bo‘lsa, deb o‘ylayman. Xayollar mahzunlashadi...
Yaqinda matbuotda mamlakatimiz Prezidentining “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Qarorda ulug‘ san’atkor xotirasini abadiylashtirishdan tortib, uning merosini o‘rganish, tadbiq qilish, yoshlarni bu merosdan bahramand etishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar qamrab olingan. San’atkorning 85 yilligini mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash belgilangan. Boshqacha aytganda, yurtga, xalqqa xizmat qilgan ulug‘ insonlar, san’atkorlar nomi, xotirasi hech qachon unutilmasligini davlatimiz rahbari yana bir bor namoyon qildi. Ulug‘ san’atkorga hurmat-ehtirom e’tirof etildi. Prezidentimiz boshlab bergan bu ish ibrat sifatida kelgusida ham davom etishi aniq. Joylarda ham ana shunday ibratli ishlar amalga oshirilsa, san’atkorlar va ulug‘ shaxslarga bag‘ishlangan anjumanlar o‘tkazilsa, Ellikqal’ada ulug‘ hofiz nomi bilan bog‘liq ko‘rik-tanlov tiklansa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Demak, azaliy eng yaxshi an’analar yana yurtimizda davom etishiga umid bor.
Atoqli hofiz Otajon Xudoyshukurov suhbatlaridan birida “Har bir xonanda faoliyati davomida zamonlar osha eskirmaydigan, sarhadlar osha to‘siq bilmaydigan umrboqiy qo‘shiqlar yaratishi kerak. Umrboqiy qo‘shiqlarning esa parvozi baland bo‘ladi. U barcha xalqlar uchun birday xizmat qiladi. Xonandaning baxti ham shunda”, degan edi. Ne baxtki, oradan o‘tgan yillar uning o‘zi ham umrboqiy qo‘shiqlar yaratgan ulug‘ san’atkor ekanligini, xalqning unga ehtiromi hech qachon so‘nmasligini yana bir bor isbotladi. U umrboqiy qo‘shiqlari, ashulalari bilan nafaqat o‘zini, san’atimizni, xalqimizni ham ulug‘ladi!
Kamol Matyoqubov,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan jurnalist.