Hodisa sabablari aniqlanmoqda
Bolalar kulgusi, ota-onalarning xotirjam dam olishi va oilalarning xush kayfiyati uchun mo‘ljallangan istirohat bog‘ida ro‘y bergan ko‘ngilsiz hodisa jamoat xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Jizzax shahridagi “O‘rda” ekologik madaniyat va istirohat bog‘ida attraksionning ish jarayonida nosozlikka uchrashi oqibatida bir necha fuqaro jarohat oldi.
Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar keng

jamoatchilik e’tiborini tortdi. Keyinchalik Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Jizzax shahridagi “O‘rda” ekologik madaniyat va istirohat bog‘ida joylashgan, “Niyatjon niyati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi 16 o‘rinli attraksionda sodir bo‘lgan. Attraksion ish jarayonida texnik nosozlik yuzaga kelishi natijasida to‘rt nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. Ular zudlik bilan shifoxonaga yotqizilib, tibbiyot xodimlari nazoratiga olingan.
Bir qarashda bu navbatdagi texnikaviy nosozlikdek tuyulishi mumkin. Ammo masalaning mohiyatiga chuqurroq nazar tashlansa, savollar ko‘payishi tabiiy. Nega insonlar hayoti va salomatligi bilan bog‘liq ob’ektda bunday holat yuz berdi? Nazorat mexanizmlari qay darajada ishlayapti? Texnik ko‘riklar haqiqatan ham xavfsizlikning ishonchli kafolatimi?
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur attraksion 2019-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2025-yil 5-noyabrda belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan. Demak, hujjatlar rasmiylashtirilgan, nazorat tadbirlari amalga oshirilgan. Biroq amaliyotda sodir bo‘lgan voqea xavfsizlik faqat qog‘ozdagi muhr va xulosalar bilan emas, balki har kuni, har bir ish soatida ta’minlanishi lozimligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Bugun mamlakatimizda jamoat xavfsizligi talablari tobora kuchaytirilmoqda. Ayniqsa, odamlar gavjum bo‘ladigan istirohat maskanlari, ko‘ngilochar majmualar va attraksionlarda xavfsizlik masalasiga murosasiz yondashuv talab etiladi. Chunki bunday joylardagi eng kichik e’tiborsizlik ham inson taqdiriga daxl qiluvchi og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, attraksionlar xavfsizligi faqat davriy texnik ko‘rik bilan cheklanmaydi. Uskunalarning har kunlik diagnostikasi, ehtiyot qismlar holati, ekspluatatsiya qoidalariga rioya etilishi, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar malakasi va ichki nazorat tizimi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Jizzaxdagi voqea ana shu haqiqatni yana bir bor eslatdi: odamlar dam olish uchun keladigan joy xavf manbaiga aylanmasligi kerak. Zero, istirohat bog‘idagi har bir attraksion nafaqat ko‘ngilochar inshoot, balki inson hayoti bilan bog‘liq murakkab texnik qurilmadir.
Ayni paytda mutasaddi tashkilotlar tomonidan hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Uning yakunida voqeaning aniq sabablari va mas’ul shaxslar harakatiga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA