Oliygohga hujjat topshirishdan oldin nimalarni bilish kerak?
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari davom etmoqda. Hujjat topshirish, test sinovlarida ishtirok etish, sertifikatlarni hisobga olish va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash bilan bog‘liq savollar ko‘pchilik abituriyentlarni qiziqtirmoqda.
Mazkur masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi Sirdaryo viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Jamshid Mamarajabov bilan suhbatlashdik.

— Aytingchi, abituriyentlar oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga hujjatni qayerda topshiradi?
— Abituriyentlar my.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi. Buning uchun shaxsiy kabinet yaratilib, zarur ma’lumotlar kiritiladi. Hujjat topshirish muddati davomida ma’lumotlarni tahrirlash imkoniyati mavjud.
— Ro‘yxatdan o‘tish uchun qanday hujjatlar talab etiladi?
— Asosan pasport yoki ID-karta ma’lumotlari talab qilinadi. Imtiyozlar yoki sertifikatlarga oid ma’lumotlar esa tegishli axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
— Test sinovlari uchun to‘lov qachon amalga oshiriladi?
— Belgilangan to‘lov hujjat topshirish jarayonida amalga oshiriladi. To‘lov tasdiqlangach, ariza yakuniy holatga keltiriladi. Qonunchilikka muvofiq ayrim toifadagi fuqarolar test sinovi uchun to‘lovdan ozod etilgan.
— Telefon raqami boshqa shaxs nomida bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tish mumkinmi?
— Ha, mumkin. Muhimi, telefon raqami faol bo‘lishi va SMS orqali yuboriladigan tasdiqlash kodini qabul qila olishi kerak. Biroq imkoniyat bo‘lsa, o‘z nomidagi raqamdan foydalanish tavsiya etiladi.
— Fanlar majmuasi noto‘g‘ri tanlangan bo‘lsa, uni o‘zgartirish mumkinmi?
— Ha. Hujjat topshirish muddati yakunlangunga qadar fanlar majmuasini o‘zgartirish mumkin. Muddat tugagach esa bu imkoniyat cheklanadi.
— Ariza qabul qilinganini qanday bilish mumkin?
— Bu haqdagi ma’lumot shaxsiy kabinetda aks etadi. Shuningdek, ariza holatini onlayn kuzatib borish imkoniyati mavjud.
— Test sinovlari o‘tkaziladigan hududni tanlash mumkinmi?
— Ha. Abituriyent test sinovlarini topshirish hududini mustaqil tanlaydi.
— Joriy yil bitiruvchilari attestat ma’lumotlarini kiritadimi?
— Yo‘q. Joriy yil bitiruvchilarining ma’lumotlari davlat axborot tizimlaridan avtomatik olinadi.
— Ro‘yxatdan o‘tish muddati tugagandan keyin hujjat topshirish mumkinmi?
— Yo‘q. Belgilangan muddat yakunlangach, tizim avtomatik ravishda yopiladi.
— Chet tili sertifikati shaxsiy kabinetda ko‘rinmasa nima qilish kerak?
— Avvalo ma’lumotlarni tekshirish lozim. Muammo bartaraf etilmasa, Agentlikning hududiy bo‘limlari yoki Call-markaziga murojaat qilish kerak.
— Bir vaqtning o‘zida nechta ta’lim yo‘nalishini tanlash mumkin?
— Abituriyentlar beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash huquqiga ega. Bu jarayon qabulning ikkinchi bosqichida amalga oshiriladi.
— Eng ko‘p uchraydigan xatolar nimalardan iborat?
— Fanlar majmuasini noto‘g‘ri tanlash, telefon raqamini xato kiritish, sertifikat ma’lumotlarini noto‘g‘ri ko‘rsatish hamda hujjat topshirishni so‘nggi kunlarga qoldirish kabi holatlar ko‘p uchraydi. Shuning uchun har bir ma’lumotni sinchiklab tekshirish zarur.
— Suhbat yakunida qanday tilak bildirasiz?
— Barcha abituriyentlarga test sinovlarida omad va yuqori natijalar tilayman. Ular orzu qilgan oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lib, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishsin.
Suhbatni O‘zA muxbiri G‘ulom Primov olib bordi.