Hindiston elchisi Namanganga tashrif buyurdi
FOTOREPORTAJ
Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov tomonidan hududning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, investitsiya va hamkorlik imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
[gallery-28377]
Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, investitsiya, axborot texnologiyalari, tibbiyot, ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida amaliy natijalarga erishilmoqda. Xususan, 2025-yilda Hindiston tomonidan Namangan iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 85 million AQSH dollarini tashkil etgan. Hozirgi kunda hududda Hindiston kapitali ishtirokidagi 2 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Ta’lim sohasida ham hamkorlik kengayib bormoqda. Ayni paytda Namangan viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida 150 dan ortiq hindistonlik talabalar tahsil olmoqda.
Muloqotda shu yil 3-apreldan Namangan — Dehli — Namangan yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani qayd etildi. Bu esa savdo-iqtisodiy va turizm aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, “Namangan xalqaro aeroporti”da kargo tizimini joriy etish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Uchrashuv davomida elchiga Namanganning tashrif qog‘ozi hisoblangan an’anaviy xalqaro “Gullar festivali” haqida ma’lumot berilib, joriy yilda o‘tkaziladigan tadbirga taklif etildi.
Tashrif doirasida elchi Smita Pant xonim Namangan davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan Navro‘z sayillarida ham ishtirok etdi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA