Hayotini xalq xizmatiga bag‘ishlagan huquqshunos Halima Muhitdinovaning 110 yilligi nishonlandi
Sud-huquq tizimida samarali faoliyat olib borgan, o‘z hayotini xalq xizmatiga bag‘ishlagan Halima Muhitdinovaning ibratli hayot yo‘li yoshlar uchun ibrat namunasi.
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Halima Muhitdinova nomidagi akademik litseyda sud-huquq fidoyisining hayot yo‘li, amalga oshirgan ezgu ishlariga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
Unda Prezident Administratsiyasi, Sudyalar oliy kengashi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar assotsiatsiyasi, Adliya vazirligi rahbarlari, sud faxriylari ishtirok etdi.

Tadbirda huquq fidoyisining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ta’lim dargohiga H.Muhitdinova byusti o‘rnatilib, xotira muzeyi tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari byust poyiga gullar qo‘yish bilan birga, xotira muzeyida bo‘lib, Halima Muhitdinova hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan eksponatlar, ish buyumlari bilan tanishdi.

–Men Halima Muhitdinova nomidagi akademik litseyda ta’lim olayotganimdan xursandman, – deydi ta’lim muassasasining 1-bosqich o‘quvchisi Munzura Rahmatullayeva. – Albatta, kelajakda mazkur muassasani tamomlab, Halima Muhitdinova kabi fidoyi huquqshunos bo‘lmoqchiman.
Shundan so‘ng xotira tadbiri Namangan viloyati musiqali drama teatrida davom etdi. So‘zga chiqqan sud tizimi faxriylari, mehmonlar Halima Muhitdinovaning mehnat faoliyatiga to‘xtalib, ko‘rsatgan xizmatlari, jasorat va fidoyiliklari haqida gapirib berdi.
Tadbir davomida Halima Muhitdinovaning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Matonat malikasi” nomli kitob va shu nomdagi hujjatli film taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, sud-huquq fidoyisiga bag‘ishlab sahnalashtirilgan teatr kompozitsiyasi tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Tantanali tadbir davomida Halima Muhitdinova hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab kuylangan “Adolat quyoshi” nomli qo‘shiq premerasi ham bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, yozuvchilar tomonidan “Umr saodati” doston-poemasi, “Mehrning mangu qo‘shig‘i” nomli drama yozilib, gazetalarda e’lon qilingani aytildi. Ayni shu ishlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan ijodkorlarga Namangan viloyati hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA