Mashinistlar uchun yangi tartib: poyezd boshqarish huquqi qanday beriladi?
Endi bu sohada mashinistlarga boshqaruv huquqini berish tartibi yagona mezonlar asosida amalga oshiriladi. Yangi tizim nafaqat nomzodlarning bilim va malakasini baholash, balki harakat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda ilk bor temir yo‘l transporti va metropolitenda tortish harakatdagi tarkibni boshqarish huquqini berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning yagona tartibi belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi tegishli qarori bilan temir yo‘l transporti va metropolitenda tortish harakatdagi tarkibini boshqarish huquqini berish bo‘yicha davlat xizmatining ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Yangi tartib lokomotiv, motorvagonli harakatdagi tarkib, jumladan, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar, maxsus harakatdagi tarkib hamda metropoliten poyezdlarini boshqarish huquqini olish istagida bo‘lgan mashinistlikka nomzodlarga taalluqli.
Xo‘sh, mashinist bo‘lish uchun qanday talablar bor?
Yangi tartibga ko‘ra, guvohnoma olishni istagan nomzod 18 yoshga to‘lgan bo‘lishi, transport sohasida tegishli kasbiy yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, u tortish harakatdagi tarkibini boshqarish bo‘yicha amaliyot o‘taganini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi va tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Demak, endi poyezd boshqarish huquqini olishda faqat nazariy bilimning o‘zi yetarli emas. Nomzodning ma’lumoti, amaliy tayyorgarligi va sog‘lig‘i ham kompleks baholanadi.
Mashinistlikka nomzodlarning nazariy bilimi test sinovlari orqali aniqlanadi. Test 50 ta savoldan iborat bo‘ladi va har bir to‘g‘ri javob 2 ballni tashkil qiladi. Nomzodlar kamida 90 ball to‘plashi kerak. Bu talab mashinistlardan yo‘l harakati, texnik xavfsizlik va o‘z kasbiga oid qoidalarni puxta bilishni talab etadi.
Yangi tartibning muhim jihatlaridan biri davlat xizmatining elektron shaklda ko‘rsatilishidir. Guvohnoma berishdan tortib uning amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish va dublikat berishgacha bo‘lgan jarayonlar uchun aniq tartib belgilanadi. Guvohnomaning amal qilishi vaqtincha to‘xtatilishi, tugatilishi yoki bekor qilinishi bilan bog‘liq masalalar ham ma’muriy reglament asosida tartibga solinadi. Davriy majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish ham mashinistlar uchun shart hisoblanadi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil-1-yanvardan:
- guvohnoma olish bo‘yicha davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ko‘rsatiladi;
- test sinovlari elektron platformada o‘tkaziladi;
- test natijasi avtomatik ravishda aniqlanadi;
- yangi namunadagi mashinist guvohnomasi joriy etiladi;
- guvohnoma 10-yil muddatga beriladi.
2029-yil 1-yanvarga qadar amaldagi mashinistlar yangi namunadagi guvohnomani olishlari shart.
Guvohnoma yo‘qolgan, shikastlangan yoki ma’lumotlar o‘zgargan hollarda ayrim holatlarda qayta test topshirmasdan dublikat olish imkoniyati yaratiladi.
Bu o‘zgarishlar nima beradi?
Yagona tartibning joriy etilishi mashinistlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini bir xil mezonlar asosida baholash, boshqaruv huquqini berish jarayonini raqamlashtirish hamda nazoratni tizimlashtirish imkonini beradi. Eng asosiy maqsad esa yo‘lovchilar xavfsizligi. Chunki poyezd yoki metro harakatida mashinistning bilimi, malakasi va mas’uliyati minglab insonlar hayoti va xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq. Bundan tashqari yangi tartib aynan shu mas’uliyatni yanada kuchaytirib, temir yo‘l va metropoliten sohasida malakali kadrlarni shakllantirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Muhimi, mazkur tartib poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashda inson omili bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish hamda sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA