Havaskorlarning chiqishlarini professional aktyorlar baholadi
Sahnada – o‘quvchilar
Samarqand viloyat musiqali drama teatrida “Turon” maktab teatri respublika tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish hamda teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan tanlovning viloyat bosqichida o‘n olti tuman va shaharning eng munosib deb topilgan jamoalari o‘zaro bellashdi. Ishtirokchilarning chiqishlari teatr va kino san’ati darg‘alari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar – Bahodir Nishonov, Shohida Ismoilova hamda aktyor Barot Hasanovlar tomonidan baholab borildi.
“Turon” maktab teatri respublika tanlovi nizomiga joriy mavsum o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, jamoalar ikki shart – “Bizning maktab” o‘z o‘quv muassasalarini tanishtiruv hamda “Teatr – ibratxona” mavzusidagi sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar namoyishi bo‘yicha bellashdi.
[gallery-28552]
Hayoti va ijodi bilan avlodlarga vatanparvarlik, mardlik, fidoyilik borasida yuksak ibrat ko‘rsatgan To‘maris, Alisher Navoiy, Usmon Nosir kabi ajdodlarimizni o‘z sahna asarlarida mahorat bilan gavdalantirgan maktab o‘quvchilarining iste’dodlari muxlislar, hakamlar tomonidan yuqori baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun munosib, deb Samarqand shahridagi 80-umumta’lim maktabining “Turon” jamoasi tanlandi. Tanlovda ikkinchi o‘rinni Toyloq tumanidagi 26-umumta’lim maktabining “Turon yulduzlari” jamoasi, uchinchi o‘rinni Kattaqo‘rg‘on shahridagi 17-umumta’lim maktabining “Buyuk Turon” jamoasi qo‘lga kiritdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA