Harbiylar oilasiga “Bizning qahramonlarimiz” kitobi taqdim etildi
Vatan tinchligi — bebaho ne’mat. Uni asrash yo‘lida o‘z hayotini fido qilgan insonlarning jasorati esa hech qachon unutilmaydi.
Istiqlol ayyomi arafasida birinchilardan bo‘lib ularning xotirasi yod etilishi zarur. Chunki Vatan tinch bo‘lsagina odamlar osoyishta hayot kechira oladi. Bayram arafasida yurtimizning turli hududlarida ana shunday qahramonlar xotirasi yod etilib, ularning oila a’zolaridan hol-ahvol so‘ralmoqda.

Milliy gvardiya Faxriylar kengashi hamda hududiy boshqarmalar vakillari tomonidan tashkil etilayotgan uchrashuvlarda qahramonlarning yaqinlari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazilmoqda. Tadbirlar davomida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarimizning qabrlari ziyorat qilinib, xotiralari yod etildi.

Ayniqsa, marhum harbiy xizmatchilarimizning hayoti, mardligi, jasorati va Vatan oldidagi beqiyos xizmatlari aks ettirilgan “Bizning qahramonlarimiz” nomli kitobning taqdim etilishi ularning oilalari uchun bebaho xotira, farzandlari uchun esa ibrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun biz tinch va osuda hayot kechirayotgan ekanmiz, bu ne’matning qadriga yetishimiz, uni asrash uchun jon fido qilgan insonlarni esa unutmasligimiz kerak.
Nigora Rahmonova,
O‘zA