Harbiy xizmatchilar uchun biznes sayohat tashkil etildi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan “Nurafshon maxsus texnika” MCHJ, Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Toshkent harbiy okrugi hamkorligida muddatli harbiy xizmatchilar va yoshlar uchun navbatdagi biznes sayohat tashkil etildi.
Yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni ishlab chiqarish va zamonaviy biznes muhiti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan tashrif davomida yoshlar maxsus texnikalar, ularning ishlash jarayoni va zamonaviy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, soha ekspertlari va muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan ochiq suhbatlar uyushtirilib, yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Amaliy jarayonlarni bevosita kuzatish esa ularga yangi kasb va yo‘nalishlarni o‘rganish, tadbirkorlikka qiziqishlarini oshirish hamda kelajakdagi rejalari uchun zarur bilim va tasavvurlarni shakllantirishga xizmat qildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday tashabbuslar yoshlarni Vatanga muhabbat, mehnatsevarlik, mas’uliyat va bunyodkorlik ruhida tarbiyalash, ularning dunyoqarashini kengaytirish va kelajakda munosib kasb egallashiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA