MIB xodimlari yordamida bitta oila yarashtirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2026-yil 3-iyul kungi sud buyrug‘iga asosan R.S.ning foydasiga uning tarbiyasidagi ikki nafar voyaga yetmagan farzandining ta’minoti uchun qarzdor S.N.ning har oydagi jami daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilandi.
Ushbu sud buyrug‘i Majburiy ijro byurosi Xo‘jayli tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan joriy yil 8-iyul kuni ijro ishi qo‘zg‘atildi va bu haqida undiruvchi yashaydigan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga xabar berilgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi mahalla raisi bilan birgalikda ajrashgan oilani yarashtirish maqsadida qarzdor va undiruvchiga tushuntirish ishlari olib borishdi. Natijada, taraflar Byuroning Xo‘jayli tuman bo‘limiga 18-avgust kuni kelib, hozirgi kunda birga yashayotganligini bildirdi va aliment undirish haqidagi sud qarori ijrosini tugatishni so‘rab iltimosnoma berdi.
Endilikda voyaga yetmagan farzandlar to‘laqonli oilaviy muhitda tarbiyalanadigan bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri