Harbiy xizmatchilar “Ma’naviyat qalqoni” tanlovida bellashdi
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning Nukus garnizonida harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Ma’naviyat qalqoni” kitobxonlik tanlovining okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan mazkur tanlovda harbiy qismlarda o‘tkazilgan saralash bosqichlarida yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilar o‘zaro bellashdi.
Tanlov davomida harbiy xizmatchilar belgilangan shartlar asosida o‘z bilim va salohiyati, adabiyotga oshnoligi, tarixiy va badiiy asarlar yuzasidan egallagan bilimlarini namoyish etdi.
Ishtirokchilarning mutolaa madaniyati, o‘qilgan asarlar mazmun-mohiyatini teran anglashi, mustaqil va mantiqiy fikrlash qobiliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Savol va topshiriqlar harbiy xizmatchilardan nafaqat puxta bilim, balki hozirjavoblik, zukkolik va tezkor fikrlashni ham talab etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv yakunida yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar tanlovning Mudofaa vazirligi bosqichida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
[gallery-32197]
Ta’kidlash joizki, “Ma’naviyat qalqoni” tanlovi harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini oshirish, ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA