Har bir bola – alohida e’tiborda
FOTOREPORTAJ
Jamiyat taraqqiyoti, avvalo, har bir inson uchun teng imkoniyatlar yaratilishi bilan belgilanadi. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan va alohida ta’limga muhtoj bolalarning bilim olishi, qobiliyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratish, ularning jamiyatga moslashuvini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan. Bu borada davlat muassasalari bilan bir qatorda nodavlat sektor tomonidan ham muhim tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda.
Jumladan, Jizzax shahrida joylashgan “Logo City Aba” korreksion markazida alohida yordamga muhtoj bolalarning nutqiy hamda ruhiy rivojlanishidagi nuqsonlarni bartaraf etishga qaratilgan mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.
Bu yerda 28 nafar tajribali pedagog va logopeddan iborat jamoa 50 nafardan ortiq bolaning har biri bilan individual xususiyatlarini inobatga olgan holda, maxsus rivojlantiruvchi dasturlar asosida ish olib bormoqda.
[gallery-31350]
– Alohida yordamga muhtoj bolalar bilan ishlashda tizimli yondashuv juda muhim, - deydi markaz rahbari Mohira Yunusova. – 3 yil davomida bolalarni maktabgacha va maktab ta’limiga tayyorlash, ularning tengdoshlari qatoriga qo‘shilishiga ko‘maklashishga asosiy e’tibor qaratmoqdamiz. Shu kunga qadar yuzdan ortiq bolaning sog‘lom tengdoshlari qatorida maktabga borishini ta’minlashga erishdik.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, korreksion-pedagogik mashg‘ulotlarni o‘z vaqtida va izchil olib borish bolalarda diqqatni jamlash, muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish hamda atrof-muhitga bo‘lgan reaksiyani yaxshilashda ijobiy natija beradi.
Bu kabi amaliy chora-tadbirlar bolalarning kelajakda jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va mustaqil hayotga moslashuvida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA