Hamkorlikning yangi qirralari
Bugungi kunda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari dunyoning turli mamlakatlaridagi yetakchi universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu hamkorlik, avvalo, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish orqali namoyon bo‘lmoqda. Bunday dasturlar talabalar uchun ikki tomonlama diplom olish imkoniyatini yaratib, ularning xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirmoqda. Shu bilan birga, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi tizimi ham kengayib, bilim va tajriba almashinuvi uchun qulay sharoit yaratilmoqda.
Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Renessans ta’lim universiteti bilan Al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanganini alohida e’tirof etish lozim. Bu voqea oddiy rasmiy kelishuv emas, balki o‘zbek va qozoq xalqlarining asrlar davomida shakllangan qardoshlik an’analari, mushtarak tarixiy xotirasi va umumiy ma’naviy ildizlari zamonaviy ta’lim maydonida yangi shaklda davom etayotganining yorqin ifodasidir. Bugun universitetlar o‘rtasidagi aloqalar davlatlararo do‘stlikning amaliy ko‘rinishiga aylanmoqda.
Shu ma’noda Renessans ta’lim universiteti va Al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti hamkorligi nafaqat ikki oliygoh, balki ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ma’rifiy va madaniy yaqinlikning navbatdagi muhim qadami sifatida baholanishi mumkin.
Bugungi ta’limiy hamkorlik aslida yangidan yaratilayotgan rishta emas - u qadim ildizlarga tayangan holda zamonaviy shakl kasb etayotgan tabiiy jarayon. Ilm-fan, akademik almashinuv va qo‘shma tadqiqotlar ana shu tarixiy yaqinlikka zamon talabi nuqtai nazaridan yangi mazmun bag‘ishlaydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiq, pragmatik va uzoqni ko‘zlagan tashqi siyosat tufayli qardosh davlatlar bilan hamkorlik uchun yangi eshiklar ochildi. Ayniqsa, Markaziy Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik muhiti oliy ta’lim muassasalari uchun ham mustahkam platforma yaratdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqotlar natijasida siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil noyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston Oliy davlatlararo kengashining ikkinchi yig‘ilishida aytgan: “Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar eng yuksak pog‘onaga — strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga yetdi”, degan fikri bugungi jarayonlarning mazmunini aniq ifodalaydi. Mazkur yondashuv universitetlararo hamkorlikka ham kuchli turtki bo‘lib, ilmiy va akademik aloqalarni kengaytirish uchun qulay diplomatik maydon yaratdi. Demak, Renessans ta’lim universiteti va Al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti o‘rtasidagi memorandum davlat rahbarlari shakllantirgan katta ishonch muhiti va qardoshlik siyosatining bevosita amaliy natijasidir.
Imzolangan memorandumning mazmuni o‘zaro hamkorlikning qanchalik amaliy va istiqbolli ekanini ko‘rsatadi. Uchrashuv davomida ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bu yo‘nalishlarning har biri bugungi oliy ta’lim taraqqiyotida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Chunki zamonaviy universitet endi faqat auditoriya ichidagi dars bilan cheklanmaydi; u global fikrlashni, ilmiy mobilitetni, qo‘shma loyihalar va xalqaro ilmiy makon bilan integratsiyani talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, mazkur memorandum Renessans ta’lim universiteti uchun yangi ilmiy ufqlarni ochadi, talabalar uchun esa xalqaro tajriba, yangi akademik muhit va kengroq dunyoqarash sari yo‘l ochadi. Ayniqsa, filologiya, tilshunoslik, turkiyshunoslik, tarix, madaniyatshunoslik va mintaqaviy tadqiqotlar yo‘nalishlarida bu hamkorlik sermahsul natijalar berishi tabiiy. Renessans universitetining xalqaro hamkorlikni izchil kengaytirishga qaratilgan siyosati ham aynan shunday kelishuvlar orqali o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Bu hamkorlikning eng muhim jihatlaridan yana biri shundaki, u turkiy dunyo universitetlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugungi globallashuv davrida o‘z tarixini, tilini, madaniy xotirasini va umumiy ma’naviy ildizlarini chuqur anglagan xalqlargina raqobatbardosh taraqqiyot modelini yarata oladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi universitetlararo sheriklik turkiy dunyoning ilmiy-intellektual integratsiyasiga amaliy hissa qo‘shadi.
Bu esa ertangi kunda qo‘shma konferensiyalar, ilmiy nashrlar, madaniy forumlar, talabalar almashinuvi va hatto qo‘shma ta’lim dasturlari ko‘rinishida o‘z samarasini berishi mumkin. Akademik hamkorlikning kuchayishi ikki xalq o‘rtasidagi ruhiy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi, yosh avlodga esa “qardosh davlat” tushunchasini nafaqat siyosiy atama, balki kundalik ilmiy va insoniy tajriba sifatida his etish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, Renessans ta’lim universiteti va Al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti o‘rtasida imzolangan memorandum zamonaviy oliy ta’lim tarixidagi muhim voqealardan biridir. Bu kelishuv zamirida faqat ta’limiy manfaat emas, balki o‘zbek va qozoq xalqlarining asriy qardoshligi, umumiy turkiy ildizlari, mushtarak madaniyati va kelajak sari birga intilish ruhi mujassam.
Davlatlar rahbarlari yaratib bergan ochiq va ishonchli hamkorlik muhiti endi oliy ta’lim maskanlari orqali mazmunan boyib, amaliy natijalarga aylanmoqda. Renessans ta’lim universitetining xalqaro maydondagi navbatdagi muhim qadami bo‘lgan ushbu memorandum ikki universitet uchun ham, ikki qardosh xalqning ma’rifiy kelajagi uchun ham katta istiqbol eshiklarini ochadi. Eng muhimi, bu hamkorlik yoshlarga xizmat qiladi. Zero, bugungi talaba va tadqiqotchi ertangi kunning ilmiy ko‘prigini quradi. Ana shu ko‘prik esa qardoshlik, ishonch, bilim va ma’naviyat poydevori ustiga qad ko‘taradi.
L.Raupova,
Renessans ta’lim universiteti professori,
filologiya fanlari doktori,
Turkiy tillar markazi rahbari.
Sh.Sultanova,
Renessans ta’lim universiteti
professori, filologiya fanlari doktori.
O‘zA