Hamkorlikning yangi bosqichi
Toshkent shahrida BMB Holding hamda O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, BMB Media Markazi rasman Assotsiatsiya a’zolari safiga qo‘shildi. Mazkur hamkorlik milliy media makonida professional aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda jamoatchilikka tezkor, xolis va ishonchli axborot yetkazish, milliy media makonida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda korporativ medianing salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Imzolangan memorandum ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari, elektron va raqamli media platformalari, axborot xizmatlari hamda soha vakillarini birlashtirgan nufuzli tuzilma hisoblanadi. Assotsiatsiya ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, jurnalist va mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish, media tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va milliy axborot makonini yanada mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.

Assotsiatsiyaga a’zo bo‘lish BMB Media Markazi uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi. Bu zamonaviy mediatexnologiyalar va ilg‘or tajribalardan samarali foydalanish, axborot mahsulotlari sifatini yanada yuksaltirish, professional muloqot doirasini kengaytirish hamda qo‘shma media loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ayni paytda BMB Media Markazi BMB Holding tarkibidagi sanoat, qishloq xo‘jaligi, eksport, logistika, qurilish, investitsiya va ijtimoiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalarning axborot ta’minotini professional darajada ta’minlab kelmoqda. Markaz zamonaviy media texnologiyalari asosida tezkor yangiliklar, tahliliy materiallar, foto va videoreportajlar, multimedia kontentlarini tayyorlab, raqamli platformalar orqali keng jamoatchilikka sifatli axborot yetkazish bo‘yicha tizimli faoliyat yuritmoqda.

Imzolangan memorandum ikki tomonning o‘zaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, axborot sohasiga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish va milliy media hamjamiyati bilan aloqalarni yanada mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratadi. Bu esa BMB Holdingning ochiqlik, ijtimoiy mas’uliyat va jamoatchilik bilan samarali muloqotni ta’minlashga qaratilgan strategik maqsadlarini izchil amalga oshirishga xizmat qiladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari